Joriy yil 16 sentyabrdan 23 oktyabrga qadar Istanbul, Anqara, Chanoqqal’a, Diyorbakir va Ko‘nya shaharlarida Turkiya madaniyat yo‘li festivallari bo‘lib o‘tadi. Mamlakat madaniyat va turizm vazirligi tomonidan tashkil qilingan tadbirlarda dunyoning turli davlatlaridan ko‘plab sayyohlar ishtirok etishi kutilmoqda.
15 mingga yaqin san’atkor qatnashadigan festivallar doirasida san’at, kino, adabiyot, raqs, musiqa va raqamli san’at kabi 3000 dan ortiq tadbir o‘tkaziladi.
Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy mamlakatning o‘ziga xos merosini dunyoga tanitish maqsadida tashkil etilayotgan festival madaniyat va san’at targ‘ibotida ham muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
16-25 sentyabr kunlari Chanoqqal’ada bo‘lib o‘tadigan Troya madaniyat yo‘li festivali ko‘rgazmalar, kontsertlar, uchrashuv va suhbatlar hamda mahorat darslaridan iborat 100 dan ortiq tadbirni o‘z ichiga oladi. Festival davomida 1000 dan ortiq san’atkor 40 dan ortiq maydonlarda o‘z chiqishlarini namoyish qiladi.
Istanbulda Beyo‘g‘lu, Anqarada Madaniyat yo‘li festivallari 1-23 oktyabr kunlari o‘tkaziladi. Beyo‘g‘lu festivali doirasida tashkil yetiladigan 46 sahnada 6000 dan ortiq san’atkor chiqish qiladi.
Anqaraning Ulus mahallasidagi 5,7 kilometrli yo‘l bo‘ylab tashkil etiladigan 70 ga yaqin sahnada esa 5000 ga yaqin san’atkor ishtirokida 500 dan ortiq tadbir bo‘lib o‘tadi.
Diyorbakirda 8-16 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Sur madaniyat yo‘li festivali doirasida tashkillashtiriladigan 500 ga yaqin tadbir davomida 2000 dan ortiq san’atkor o‘z mahoratini namoyish qiladi.
19-xalqaro Ko‘nya tasavvufiy musiqa festivali ham san’at ixlosmandlarini o‘ziga jalb qilsa ajab emas. Mavlono Jaloliddin Rumiy tavalludining 815 yilligi munosabati bilan 22-30 sentyabr kunlari o‘tkaziladigan festivalga Ispaniya, Misr, Ozarbayjon, Germaniya, O‘zbekiston, Hindiston va Erondan ham musiqachilar taklif yetilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Anqara va Istanbul shaharlarida bir vaqtning o‘zida “Poytaxt madaniyat yo‘li” va “Beyo‘g‘lu madaniyat yo‘li” festivallari o‘tkazilgan edi. Bu yil esa mezbon shaharlar soni 5 taga yetdi.