Turkiya: tabiat va insoniyatni qutqarishga qaratilgan tashabbus

BMT Bosh assambleyasi Turkiya tomonidan taklif etilgan “Zero Waste” (Sıfır Atık) loyihasini qabul qildi. Chiqindilarni ekologik xavfsizlik talablariga ko‘ra tasarruf etish ko‘zda tutilgan loyiha iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va barqaror taraqqiyot maqsadida ishlab chiqilgan.

Ushbu hujjatda BMT rahbariyatiga dunyo miqyosida “Zero Waste” tashabbusi doirasida maslahat kengashi ta’sis etish  taklif etilgan.  Shuningdek, dunyo davlatlari chiqindisiz muhit barpo etish, chiqindilarni ekologik xavfsizlik talablari asosida boshqarish borasida faol harakatga da’vat etilgan.

“Zero Waste” (Sıfır Atık) loyihasi 2017 yilda Turkiya birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘on shafeligida ta’sis etilgan.

Emine Erdo‘g‘on joriy yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 77-yig‘ilishi doiorasida tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashgan va iqlim inqirozi doirasida “Global chiqindisiz yaxshi niyat deklaratsiyasi”ni imzolagan.

Ma’lumotlarga qaraganda, loyiha doirasida chiqindini qayta ishlashning kengaytirilishi Turkiya iqtisodiyotiga 17 milliard lira (2,3 milliard dollar) qo‘shimcha daromad keltirgan. Loyiha birgina Turkiya miqyosida zaharli gazlarni millionlab tonnaga kamaytirish, 209 million daraxtni saqlab qolish imkonini bergan.

Tahlillarga ko‘ra, Turkiya chiqindini qayta ishlash evaziga 50 million barrel neft va 397 million tonna xomashyoni tejashga muvaffaq bo‘lgan.

Chiqindini maksimal darajada qayta ishlash orqali iqlim o‘zgarishlari ta’sirini kamaytirish, tabiiy boyliklarni tejash, barqaror taraqqiyotga erishish va pirovardida insoniyat istiqbolini ta’minlash ko‘zlangan.