Suriyada yangi harbiy amaliyot o‘tkazish vaqti va joyini Turkiyaning o‘zi hal qiladi. Bu haqda Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari, professor Faxriddin Altun Norvegiyaning “Aftenposten” gazetasiga bergan intervyusida gapirgan.
Professor Altun PKK terror tashkilotining harbiy qanoti (YPG) jangarilari so‘nggi vaqtlarda Turkiya harbiylari hamda Suriyaning tinch aholisiga nisbatan hujumlar amalga oshirayotganini yodga olgan.
Turkiya devoni vakili Rossiyaning Suriyadagi aksilterror amaliyoti bo‘yicha pozitsiyasiga doir savolga javob berar ekan, ikki suveren davlatning bir qator masalalar bo‘yicha pozitsiyasi mushtarak bo‘lmasligini tabiiy hol deb atagan.
Qayd etilishicha, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on boshchiligida Turkiya o‘z manfaatlarini markaziy o‘ringa qo‘yadigan, zarur deb bilganida o‘z muammosini o‘zi hal qiladigan davlatga aylandi.
“Albatta, manfaatdor davlatlar o‘rtasida qandaydir fikr almashuvi mavjud. Biroq, oxir-oqibat, Turkiya tashlaydigan hech bir qadam birovning ruxsati yoki roziligiga bog‘liq emas”, – deb ta’kidlagan F.Altun.
Suhbatda Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi borasida rasmiy Anqaraning pozitsiyasiga ham oydinlik kiritilgan.
“Agar Shvetsiya va Finlyandiya o‘z va’dalarini bajarishiga amin bo‘lsak, ularning NATOga a’zoligi tasdiqlanadi. Bugungi kunga kelib biz aniq sana haqida gapira olmaymiz. Biz ular Turkiyani ittifoqchi sifatida ko‘rishlari va kerakli choralarni amalga oshirishlari isbotini kutamiz”, – degan Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari.
Shu mavzudagi maqolalar:
Turkiya prezidenti “The Economist” nashri uchun maqola yozdi. 31.05.2022
Faxriddin Altun tizimli dezinformatsiyani demokratik davlatlarga tahdid deb atadi. 16.12.2021