Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Buyuk Britaniyaning “The Economist” nashrida chop etilgan maqolasida rasmiy Anqara nima uchun Shvetsiya hamda Finlyandiyaning NATOga kirishiga qarshi chiqayotgani sabablarini tushuntirdi.
Maqolada NATOdagi hamkorlar Turkiyaning mazkur tuzilmaga qo‘shgan hissasini unutib qo‘yganlari bayon etilgan.
“Turkiyaning NATO jamoaviy xavfsizligidagi hissasini qadrlab kelgan hamkorlarimiz milliy xavfsizlikka tahdid yo‘qolishi bilan (Turkiyaning hissasini) unutdilar. Turkiyaning muhim ahamiyatini Bolqondagi inqiroz kabi beqaror davrlarda yodda tutgan hamkorlarimiz uzoq muddatli barqarorlikka Turkiyasiz erishib bo‘ladi deya xato o‘yladilar”, – deb yozadi R.T.Erdo‘g‘on.
Turkiya rahbari ayrim a’zo davlatlarning NATO borasidagi puxta o‘ylanmagan fikrlarini tanqid qilar ekan, harbiy ittifoqning muhim ekanini urg‘ulagan. Ayni choqda, xalqaro tuzilma zamonaviy talab-ehtiyojlarga ko‘ra isloh etilishi lozimligini ta’kidlagan.
Erdo‘g‘on, xususan, NATO tizimida terrorizmga qarshi kurash qoniqarli emasligini qayd etgan. Maqolada aytilishicha, rasmiy Anqara NATOni geosiyosiy tangliklarga tayyor bo‘lishga undab kelgan, ammo bu da’vat e’tiborsiz qoldirilgan. Ukraina urushi esa bu da’vat qanchalar to‘g‘ri bo‘lganini tasdiqlamoqda.
Maqolada Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishi masalasida rasmiy Anqara pozitsiyasiga ham oydinlik kiritilgan. Turkiyaga ko‘ra, Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga qabul qilinishi o‘z xavfsizligi va tashkilot kelajagi uchun xavf tug‘diradi.
Ma’lum bo‘lishicha, Turkiya mazkur davlatlarga “Kurdiston ishchilar partiyasi” deb atalgan terrorchi tashkiloti va uning a’zolariga doir aniq dalillarni taqdim etgan, ammo ular terrorizmga qarshi kurashda yetarli e’tibor qaratmagan. Rasmiy Anqaraga ko‘ra, Stokholm hamda Helsinki Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan terror tashkiloti sifatida tan olingan PKK/PYD terrorchi tashkilotlarini har qanday shaklda qo‘llab-quvvatlashni bas qilishi kerak.
Maqolada, shuningdek, Turkiyaga qurol yetkazishga qo‘yilgan embargo ham ittifoqchilarga yarashmagan chora deb baholangan. Kerakli qadamlar tashlanmasa, Turkiya bu boradagi pozitsiyasini o‘zgartirmaydi.
“Terrorizm na din, na millat va na irqqa mansub. NATOning asosiy maqsadlaridan biri har bir a’zo davlat tinch aholiga zarar yetkazishni ko‘zlagan har qanday tashkilotga qarshi turmog‘i lozim. Bu borada biror bir davlat imtiyozga ega bo‘lishi mumkin emas”, – deb yozadi prezident Erdo‘g‘on.
Ta’kidlanishicha, NATO a’zolari terrorga qarshi kurashda ikkiyoqlama standartlarni yo‘l qo‘yar ekan, harbiy ittifoq obro‘si poymol bo‘lishi hech gap emas.