Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on Turkiya Respublikasining 93 yilligi munosabati bilan maktub yo‘lladi.
Jadal iqtisodiy taraqqiyot, kuchli demokratiya, inson huquqlari qadriyatlariga sadoqat, qat’iy va ko‘p vektorli tashqi siyosat bois Turkiya mintaqa va butun dunyo uchun ilhom manbai bo‘lmoqda, deyiladi Turkiya yetakchisi maktubida.
Mamlakatning 81 muzofoti hamda xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarda o‘qib eshittirilgan maktubda 15 iyul kungi davlat to‘ntarishiga urinish ham eslab o‘tilgan. Ta’kidlanishicha, xalq bir yoqadan bosh chiqarar ekan, Fathulla Gulen boshchiligidagi FETÖ terrorchi tashkiloti va boshqa buzg‘unchi guruhlarning mamlakatni parchalab tashlash yo‘lidagi sa’y-harakatlari aslo ro‘yobga chiqmaydi.
“Respublika e’lon qilinganining 100 yilligi sanasi – 2023 yilga qadar oldimizga qo‘ygan maqsadlarni amalga oshirishda fuqarolarning Vatan himoyasi yo‘lidagi qat’iyati kafolat bo‘ladi”, – deyiladi Turkiya Prezidenti maktubida.
Davlat rahbari maktubida Turkiyaning 2200 yillik tarixga ega davlatchiligi, xususan, Saljuqiylar va Usmoniylarning boy merosi ham yodga olingan.
Turkiya Respublikasi so‘nggi yillarda katta yutuqlarga erishdi va dunyoning yetakchi davlatlari safidan o‘rin oldi, deyiladi maktubda.
Turkiya Respublikasi e’lon qilinganining 93 yilligi munosabati bilan mamlakat poytaxti Anqarada qator rasmiy tadbirlar uyushtirildi. Xususan, mamlakat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘on boshchiligidagi davlat va jamoat arboblari Respublika asoschisi Mustafo Kamol Otaturk qabriga gulchambar qo‘ydi.
Shuningdek, Milliy bayram munosabati bilan Prezidet saroyida rasmiy qabul marosimi tashkil etildi. Unda mamlakat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘on, parlament spikeri Ismoil Qahramon, bosh vazir Binali Yildirim bilan birga 2000 ga yaqin mehmon qatnashdi.
29 oktyabr – Respublika e’lon qilingan kun munosabati bilan Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ham Toshkentda rasmiy qabul marosimi uyushtirdi.
Eslatib o‘tamiz, 1923 yil 29 oktyabrda Turkiya Buyuk Millat Majlisi tomonidan Turkiya respublika deb e’lon qilingan. O‘shandan buyon mazkur sana mamlakat milliy bayrami sifatida tantana qilinadi.
Sobir Salim