Turkiya Janubiy Yevropa mamlakatlari – YeI a’zolarining VI cammitida Egey, Sharqiy o‘rtayer dengizlari hamda Kiprdagi vaziyat bo‘yicha qabul qilingan hujjatni rad etadi. Bu borada Turkiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy bayonot bergan.
Qayd etilishicha, sammit yakunida qabul qilingan deklaratsiyada ilgari surilgan yondashuvlar real voqelikka ham, xalqaro huquq me’yorlariga ham ziddir. Shu bois deklaratsiya rasmiy Anqara uchun hech qanday yuridik ahamiyat kasb etmaydi.
Ta’kidlanishicha, mazkur deklaratsiya Gretsiya hamda Kiprning grek qismi Yevropa Ittifoqiga a’zoligidan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanayotganini ko‘rsatmoqda.
“Ushbu holat – YeI mamlakatlari Kipr muammosini muvofiqlashtirishda xolis va ishonchli ishtirokchi bo‘la olmasligining yana bir yorqin isbotidir. Deklaratsiyaning Kiprdagi vaziyatga daxldor bandlariga rozilik bildirgan mamlakatlar orolda nafaqat kiprlik greklar, ayni choqda, kiprlik turklar ham istiqomat qilishi, Kipr muammosi faqat kiprlik turklar hamda kiprlik greklar siyosiy tenglikka erishib, xavfsizlik masalalarida yagona to‘xtamga kelsagina hal etilishini unutmasliklari lozim. Ushbu mamlakatlar orolda istiqomat qiluvchi grek jamoasining hokimiyat va boyliklarni taqsimlashni istamagani sabab Kipr masalasi 56 yildan buyon hal etilmay kelayotganini tushunib yetmoqlari darkor. Qolaversa, ular kiprlik turklar orolning tabiiy boyliklariga nisbatan teng huquqqa ega ekanini qabul qilmoqlari shart”, – deyiladi Turkiya TIV bayonotida.
Qayd etilishicha, Kiprdagi grek jamoasining dengiz chegaralari bo‘yicha hayot haqiqatidan yiroq da’volarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro huquqning buzilishi sanaladi.
Rasmiy Anqaraga ko‘ra, YeI yoki Yevroittifoqning muayyan mamlakati biror bir davlatning dengiz yurisdiktsiyasi chegarasi bo‘yicha da’volarini tasdiqlash yoki oqlash vakolatiga ega emas.
Bayonotda Turkiya Sharqiy o‘rtayer dengizidagi konlardan foydalanish borasida kiprlik turklar hamda o‘z manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rishda davom etishi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, Egey, Sharqiy o‘rtayer dengizlari hamda Kiprdagi vaziyat bo‘yicha munozarali hujjat qabul qilingan MED 7 sammiti 14 iyun kuni Maltada bo‘lib o‘tdi. Unda Frantsiya, Italiya, Ispaniya, Malta, Portugalii, Gretsiya va Kiprning grek jamoasi vakillari qatnashdi.
S.Salim tayyorladi