Oltinrang quyosh, moviy osmon va yashil tabiatning barcha go‘zalliklarini o‘zida mujassam qilgan Mug‘la Egey va O‘rtayer dengizlarining feruza suvlari va 8 ming yil ortga, tarix qa’riga sayohat qilishga undaydigan o‘nlab qadimiy shahar xarobalari bilan sayyohlarning eng sevimli maskanlaridan biri hisoblanadi va yer yuzining “yashirin jannati” deya ta’riflanadi, deb xabar beradi Turkiya madaniyat va turizm vazirligi PR agentligi matbuot xizmati.
Umumiy uzunligi 1479 kilometr bo‘lgan dengiz qirg‘oqlari bilan Turkiyaning eng uzun qirg‘oq chizig‘iga ega bo‘lgan Mug‘la tarixiy, madaniy qadriyatlari va tabiiy go‘zalliklari bilan har yili ko‘plab mahalliy va xorijiy sayyohlarni qabul qiladi.
Har yili 1 milliondan ziyod xorijlik sayyoh tashrif buyuradigan bu maskan Turkiyaning janubi-g‘arbiy uchida joylashgan bo‘lib, u shimolda Aydin, shimoli-sharqda Denizli va Burdur, sharqda Antaliya, janubda O‘rtayer dengizi va g‘arbda Egey dengizi bilan o‘ralgan.
Mug‘la dengizdan 670 metr balandlikda, tekis qoyaliklar shakli bilan qiziqarli ko‘rinishga ega Asar tog‘ining etagida joylashgan.
Egey mintaqasining janubida joylashgan shahar, ajoyib dengizi va tabiiy go‘zalliklari, qolaversa, Kariya, Likiya, Rim, Vizantiya, Saljuqiylar va Usmoniylar kabi ko‘plab tsivilizatsiyalarga mezbonlik qilgani bilan tanilgan. Qadimda Kariya, turklar davrida Menteshe, bugungi kunda Mug‘la deb ataladigan bu shahar dunyoga mashhur sayohatchi Avliyo Chalabiy va mashhur tarixchi Herodot asarlarida ham tilga olinadi.
Tabiiy, tarixiy va madaniy go‘zalliklari bilan millionlab odamlar tomonidan tashrif buyurilgan Mug‘la, Bodrum, Fethiye, Marmaris tumanlari va har biri alohida bo‘lgan yuzlab ko‘rfazlar bilan uyg‘unlashgan holda ajoyib manzara kasb etadi.
Mug‘la o‘zining maftunkor moviy dengizi, oltinrang qumi va quyoshi, yashil tabiati shuningdek, taqdim etgan turli imkoniyatlar bilan boy salohiyatga ega. Suv sporti, velosport, tabiat qo‘ynida sayr qilish, paraplanda uchish, baland tog‘ turizmi, g‘orlar, sog‘lomlashtirish va madaniy turizm maskanlari kabilari bilan shahardagi muqobil turizmning xilma-xilligini tashkil etadi.
Mug‘lada borish tavsiya etilgan joylar
Mug‘la muzeyi. Muzeyda arxeologiya, etnografiya, gladiatorlar va tabiiy tarix zallari va hovli mavjud. Muzeyda 5-9 million yil avval yashagan tirik mavjudotlarning qoldiqlari, mahalliy kiyim-kechak, kiyim-kechak va ashyolar ko‘rgazmaga qo‘yilgan.
Kapalaklar vodiysi. Bu – Mug‘la viloyatining Fethiye tumanidagi O‘lik deniz chegarasida joylashgan vodiydir. Endemik turlari tufayli jahon merosi sifatida muhofaza qilinishi tavsiya etilgan 100 ta tog‘dan biri bo‘lgan Bobotog‘ etagida joylashgan Kapalaklar vodiysi 1995 yil 8 fevralda 1-darajali muhofaza qilinadigan tabiiy hudud deb e’lon qilingan va bu yerda har qanday qurilish ishlari taqiqlanadi.
350 metr balandlikdagi tik tosh devorlar bilan o‘ralgan vodiy o‘z nomini 80 dan ortiq kapalak turlaridan, xususan, yo‘lbars kapalagidan olgan. 50 metr balandlikdan quyib kelayotgan sharshara vodiyning o‘rtasidan oqib o‘tuvchi soy bilan O‘rtayer dengiziga quyiladi.
Kema sayohati. Kemada sayr qilib, moviy osmon, yashil tabilat va feruza dengiz suvlarini tomosha qilishni sevuvchilar uchun Mug‘la mo‘jizaning o‘zginasidir.