Turkiyaning sayyohlik markazi – Antaliyada ilk bor Barqaror turizm kengashi bo‘lib o‘tdi. Anjuman Global barqaror turizm kengashi (GSTC) tomonidan tashkil etildi.
Konferentsiyaning ochilishida so‘zga chiqqan Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy barqaror turizm sohasidagi eng nufuzli mutaxassislarni birlashtirgan ushbu muhim anjuman ilk marotaba Turkiyada o‘tkazilayotganidan mamnunligini bildirdi. Mezbon davlat vakili Kengash bilan dunyo bo‘ylab barqaror turizm bo‘yicha salmoqli yutuqlarga erishilishiga ishonch bildirdi.
GSTC prezidenti Luiji Kabrini global tahdidlar kuchaygan vaqtda turizm oldida turgan muammolarga to‘xtaldi.
“Turizmning o‘sishiga tahdid soluvchi muammolar hamon o‘zgarmadi. Iqlim o‘zgarishi oqibatlari tobora yaqqol ko‘zga tashlanmoqda, plastmassalar okean va daryolarni ifloslantirmoqda, suv tanqisligi oshib bormoqda, biologik xilma-xillik pasayishda davom etmoqda. Turizm ekspluatatsiyaning oldini olish, munosib mehnatni rag‘batlantirish va foydalanish imkoniyatini oshirish borasida rivojlanishi kerak. Biz jamiyatga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradi deb hisoblangan turizmga aslo qaytmaymiz”, – dedi GSTC prezidenti.
Global barqaror turizm kengashi atrof-muhit va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha dunyodagi eng yirik tashkilot bo‘lib, sayohat va turizmda barqarorlikni ta’minlash uchun ishlab chiqilgan global standartlarni tartibga soladi, takomillashtiradi va boshqaradi.
GSTC barqaror turizmning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun xalqaro miqyosda konferentsiyalar ham tashkil qiladi. Jumladan, har yili dunyoning turli shaharlarida uyushtiriladigan Barqaror turizm anjumani o‘zaro fikr almashish, xalqaro standartlarni qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgandir.
Pandemiya sababli ikki yil onlayn tarzda o‘tkazilgan anjuman o‘tgan yili Ispaniyaning Sevilya shahrida bo‘lib o‘tdi. Turkiya turizmni rivojlantirish va tatbiq etish agentligi (TGA) tomonidan olib borilgan nomzodlik jarayonidan so‘ng nufuzli tadbir bu yil Antaliyada o‘tkazilishi e’lon qilindi.
Avval xabar berganimizdek, 2022 yil boshida GSTC bilan imzolangan hamkorlik shartnomasiga muvofiq Turkiya milliy barqaror turizm dasturini ishlab chiqdi. Tadrijiy ravishda amalga oshirilayotgan dasturning birinchi bosqichi joriy yilda, ikkinchi bosqich 2025 yilda, uchinchi bosqich esa 2030 yilda yakunlanadi.