Turkiya G‘alabaning 95 yilligini bayram qilmoqda

Turkiya Respublikasi mamlakat hayotidagi muhim sana, 30 avgust – G‘alaba kunini keng tantana qilmoqda. Shu munosabat bilan Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ham qabul marosimi uyushtirdi.

Diplomatlar, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokidagi tadbirda Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning bayram nutqini o‘qib eshittirdi.

“Turk xalqi 1919 yilda Samsunda G‘oziy Mustafo Kamol rahnamoligida boshlagan istiqlol uchun kurash, yo‘qchilik va mashaqqatlarga qaramay, 30 avgust kuni Bosh qo‘mondonlikning Maydon kurashidagi g‘alabasi bilan yakunlandi… Bu g‘alaba siyosiy va ijtimoiy ahamiyati jihatidan tarixni boshqa o‘zanga burib yubordi, imperialistlarga qarshi istiqlol kurashi olib borayotgan ko‘plab mazlum xalqlarga ilhom va umid manbasi bo‘lib xizmat qilgan. Turkiya 95 yil avval bo‘lganidek, o‘z iqtisodiy va siyosiy mustaqilligiga qaratilgan tahdidlarni, hujum va qo‘poruvchilik tashabbuslarini bartaraf etish borasida qat’iyat ko‘rsatib kelmoqda. FETO, IShID, PKK, PYD kabi qo‘li qonga botgan terrorchilik tashkilotlariga qarshi qonun, adliya va demokratiya doirasida biz olib borayotgan kurash bu masalaga alohida ahamiyat qaratayotganimizning isbotidir”, – deyiladi Turkiya Prezidenti nutqida.

Turkiyaga qarshi tish qayragan tashqi dushmanlarning hamon ko‘pligi 2016 yil 15 iyuldagi davlat to‘ntarishiga urinishda yana bir bor isbotlandi.

“Aziz xalqimiz 15 iyulda davlat to‘ntarishga urinish payti “Yo istiqlol, yo o‘lim!” tanlovi bilan yuzma-yuz qoldi hamda dostonlarga loyiq jasorat ko‘rsatib, nimalarga qodirligini namoyish etdi. Turk xalqi o‘sha tunda 250 nafar shahid va 2193 qahramon evaziga nafaqat to‘ntarishga urinishni bartaraf etdi, balki o‘z yurtiga muhabbati, demokratiya va erkinlikka hurmatini ham ko‘rsatdi”, – deyiladi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on nutqida.

Qayd etilishicha, Turkiya bu kurash orqali nafaqat o‘z fuqarolari, balki global xavfsizlikka ham katta hissa qo‘shmoqda. Bu yo‘lda esa mamlakat “Bir xalq, bir bayroq, bir vatan va bir davlat” g‘oyasi atrofida jipslashgan xalqqa hamda do‘st o‘lkalarga tayanadi.

Tadbirda Turkiya istiqloli uchun kurashgan zotlar ehtirom ila yodga olindi.

30 avgust – G‘alaba kuni (Zafer Bayramı) Turkiya hamda butun dunyodagi turklar tomonidan bayram qilinadi. 1922 yili 30 avgust kuni Dumlupinardagi mustaqillik uchun hal qiluvchi kurashda Turkiya o‘g‘lonlari dushman qo‘shini ustidan g‘alaba qozongan edi. Bu kun tantanali tadbirlar, parad va harbiy marshlar uyushtiriladi. Turkiya ko‘chalari milliy bayroq va Mustafo Kamol Otaturk portretlari bilan bezaladi.

S.Salim