24 noyabr kuni Turkiyaning Xatay viloyati hududida urib tushirilgan Su-24 samolyoti o‘t ochishdan avval 10 marotaba ogohlantirilgan. Bu haqda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi 27 noyabr kuni tarqatgan bayonotida ma’lum qildi.
Avvalroq halokatdan so‘ng tirik qolgan Su-24 shturmani Konstantin Muraxtin Turkiya harbiylari tomonidan ogohlantirish berilmaganini aytgan edi.
Bayonotda qayd etilishicha, ogohlantirishlarga qaramay, kimga qarashli ekani noma’lum bo‘lgan ikki samolyot Xatay viloyati Yayladag‘i hududida sharq-g‘arb yo‘nalishida Turkiya havo hududini buzib o‘tgan. Qoidabuzar birinchi samolyot bir muddatdan keyin Turkiya havo hududini tark etgan. Qoida buzishni to‘xtatmagan ikkinchi samolyotga qarshi esa Turkiyaning havoda patrullik qilayotgan G‘-16 harbiy samolyotlari o‘t ochgan. Natijada Su-24 samolyoti Suriya hududiga qulagan. Uning ayrim bo‘laklari Turkiya hududiga tushgan va buning natijasida ikki nafar turk fuqarosi yaralangan. Turkiya bayonotiga qaraganda, Su-24 samolyotining Rossiya Federatsiyasiga tegishli ekani keyin ma’lum bo‘lgan.
Avvalroq – joriy yil 3-4 oktyabr kunlari Suriyada harbiy amaliyotda ishtirok etayotgan Rossiya samolyotlari tomonidan Turkiya havo hududi buzilishi holatlari qayd etilgan. O‘shanda Rossiya elchisi Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilib, yana bir bor shunday holat qayd etilsa, samolyot urib tushirilishidan ogohlantirilgan. Shunga asosan rasmiy Anqara 24 noyabr kungi hodisa uchun javobgarlikni o‘zidan soqit qilgan.
Ayni choqda, Turkiya tomoni ushbu voqea atayin uyushtirilmaganini alohida ta’kidlangan. “Bu biz sodir bo‘lishini mutlaqo istamagan holatdir. Mazkur hodisadan qayg‘udamiz”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, rasmiy Anqara ushbu holat bo‘yicha hamda boshqa masalalar yuzasidan Rossiyaning vakolatli idoralari bilan avvalgi kabi konstruktiv muloqotga tayyordir.
Turkiya havo hududini buzgan samolyotning urib tushirilishi yuzasidan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun, Xavfsizlik Kengashi hamda NATO a’zolari xabardor qilingan.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg 24 noyabr kuni harbiy ittifoq rasmiy Anqara bilan birdam ekani hamda o‘z ittifoqchisining hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Jahon axborot agentliklari xabariga ko‘ra, samolyot urib tushirilganidan keyin Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ushbu hodisa Moskva va Anqara o‘rtasidagi munosabatga salbiy ta’sir etishini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, Rossiya rahbari Turkiyadan ushbu holat yuzasidan kechirim so‘rashni talab qilgan.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa havo hududi buzilgan holatda harbiylar aynan shunday yo‘l tutishini ta’kidlab, kechirim so‘rashga asos yo‘qligini bildirgan.
Ayni paytda ikki davlat o‘rtasida siyosiy taranglikni kuzatish mumkin. Ammo tahlilchilar hozirgi vaziyatda maqbul va ma’qul yo‘l o‘zaro diplomatik muloqot ekanini ta’kidlamoqdalar.
Darvoqe, 27 noyabr kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li Belgradda YeXHT anjumani doirasida rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan uchrashishini ma’lum qildi. Turkiya tashqi siyosat mahkamasi rahbari siyosiy inqirozni diplomatik yo‘l bilan hal etishga ishonch bildirdi.
Sobir Salim