Turkiya O‘zbekiston bilan madaniyat-gumanitar jabha, xususan, ta’lim sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratadi. Bu haqda qardosh o‘lkaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar 2 iyul kuni Toshkentda o‘zbekistonlik ommaviy axborot vositalari vakillari bilan norasmiy formatda tashkil etilgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Ta’lim jabhasidagi aloqalar haqida gapirar ekan, diplomat joriy yil 28 iyun kuni Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston va Turkiya Respublikalari o‘rtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 6-yig‘ilishini yodga oldi. Ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston tomonidan bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Turkiya tomonidan vitse-prezident Fuat Oktay hamraislik qildi. Hukumatlararo komissiya yig‘ilishida ikki davlat o‘rtasidagi turli sohalardagi, shu jumladan, ta’lim yo‘nalishidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkentda o‘tishi kutilayotgan Strategik hamkorlik kengashi ikkinchi yig‘ilishi kun tartibiga ham turli sohalar qatorida ta’limga doir dasturlarni yanada kengaytirish masalasi kiritilgan.
Elchi Olgan Bekar jurnalistlar bilan muloqot davomida siyosat, turizm, sog‘liqni saqlash kabi yo‘nalishdagi hamkorlikka doir savollarga ham batafsil javob berdi.
“Turk va o‘zbek xalqlarining bir-biridan o‘rganadigan jihatlar juda ko‘p. Ayrim sabablarga ko‘ra biz bir-birimiz bilan ma’lum muddat ayro qoldik. Robitalarimizning hozirgi bosqichida yanada yaqinlashuv va o‘zaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi”, – dedi Turkiya elchisi.
Elchi O.Bekar joriy yil 23 aprel kuni Prezident Sh. Mirziyoyevga ishonch yorlig‘ini topshirgan.
Foto: O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati
O.Bekar Turkiyaning O‘zbekistondagi – “ota yurt”dagi elchisi bo‘lib ishlash ikki karra sharaf ekanini alohida ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Olgar Bekar 1969 yili Turkiyaning Gulnar shahrida tug‘ilgan. Anqara universiteti siyosatshunoslik fakultetini tamomlagan. Vena (Avstriya) universitetida siyosiy fanlar doktori ilmiy darajasini olgan.
Turkiyaning Ozarboyjon, Germaniya, Somali kabi davlatlaridagi diplomatik vakolatxonalarida hamda mamlakat tashqi ishlar vazirligida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.
O.Bekar joriy yil mart oyidan yurtimizda faoliyat yuritmoqda. U 23 aprel kuni Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorlig‘ini topshirgan.
S.Salim