Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyning turk tamaddunida tutgan o‘rni ulkan ekanini ta’kidladi.
9 fevral kuni Toshkent davlat sharqshunoslik instituti turkologiya kafedrasi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti turk tili bo‘limi hamda Toshkentdagi turk maktabi o‘qituvchilari bilan uchrashgan elchi o‘zbek ziyolilarini Alisher Navoiy tavalludining 576 yilligi bilan qutladi.
Elchi Ahmet Bashar Shen Turkiyada Alisher Navoiy shaxsiga qiziqish baland ekani va shoirning ijodiy merosi chuqur o‘rganilayotganini qayd etarkan, o‘zi ham ulug‘ mutafakkir asarlaridan namuna o‘qidi.
Diplomat qardosh va do‘st O‘zbekistonda faoliyat boshlaganidan mamnunligini o‘zbek tilida izhor etdi. Shu bilan birga, turk tiliga juda yaqin bo‘lgan o‘zbek tilini u qadar mashaqqatsiz o‘rganayotganini ta’kidladi.
Elchi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashda ziyolilar, til o‘qituvchilarning o‘rni katta ekaniga urg‘u berdi.
“Turkiya va O‘zbekistonda turk va o‘zbek tilini har jihatdan qo‘llab-quvvatlasak, ushbu tilni mukammal biladiganlar sonini qancha ko‘paytirsak, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlar munosabatlarini ham shuncha mustahkamlagan bo‘lamiz. Ushbu uchrashuv mazkur xayrli maqsad yo‘lidagi debochadir”, – dedi elchi Ahmet Bashar Shen.
Uchrashuv davomida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti turkologiya kafedrasi mudiri Zilola Xudoyberganova va tadqiqotchi Xolida Imomova ikki xalq o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalar xususida so‘zladi.
Eslatib o‘tamiz, Ahmet Bashar Shen 2016 yil 13 dekabrdan Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Sobir Salim
Shu mavzudagi maqola: