Turkiya elchixonasi O‘zbekistonning NATO bilan aloqalariga ko‘maklashadi

2019-2020 yillar davomida O‘zbekistonning NATO bilan hamkorligi Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi ko‘magida amalga oshiriladi. Joriy yil 4 dekabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekistonning NATO bilan aloqa elchixonasi vakolati Latviya elchixonasidan Turkiya elchixonasiga topshirilgani ma’lum qilindi.

Marosimda so‘zlagan Turkiyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen O‘zbekiston NATO bilan 1992 yildan beri hamkorlik qilib kelayotgani, endilikda bu borada Turkiya elchixonasi ko‘mak berishga tayyorligini qayd etdi.

Diplomatga ko‘ra, rasmiy Anqara butun dunyodagi, jumladan, mintaqada tinchlikni qaror toptirish borasida jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda. Xususan, NATOning AQShdan keyingi ikkinchi qudratli davlati cifatida Kosovodan Iroqqa qadar – dunyo mamlakatlarida barqarorlikni ta’minlash ishiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Turkiyaning bu boradagi sa’y-harakatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan. NATO Bosh kotibi  Yens Stoltenberg esa Turkiyani ishonchli hamkor deb atagan.

“NATO o‘z vakolatxonasiga ega bo‘lmagan davlatlarda aloqa elchixonasi vakolatini a’zo mamlakatlar diplomatik vakolatxonasiga topshiradi. Turkiya uchun O‘zbekiston alohida qimmatga ega davlat sanaladi. Shu bois biz Bryusselga – NATO rahbariyatiga ushbu vakolatni elchixonamizga topshirishlarini so‘rab murojaat qildik. Taklifimiz qo‘llab-quvvatlandi. Qardosh O‘zbekistonda ushbu sharafli vazifani bajarish ishonib topshirilganidan ikki karra xursandmiz”, – dedi elchi Ahmet Bashar Shen.

Elchiga ko‘ra, bu borada Turkiya katta tajribaga ega. Masalan, yaqin yillarda turk diplomatik vakolatxonalari Iroq, Bosniya va Gertsegovina kabi mamlakatlarda ham aloqa elchixonasi vazifasini muvaffaqiyatli bajardi.

“NATO mintaqada, xususan, Afg‘onistonda tinchlikni saqlash bo‘yicha ko‘plab ishlarni amalga oshirmoqda. Bu borada esa O‘zbekistonning o‘rni va ahamiyati katta. Deylik, Afg‘onistonga insonparvarlik yordami ham O‘zbekiston orqali o‘tadi. O‘z navbatida, Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnatilishidan O‘zbekiston ham manfaatdor. Shu bois bu jabhada ham o‘zaro axborot almashuvini kuchaytirishga hissa qo‘shish niyatidamiz. Sirasini aytganda, ikki o‘rtada ko‘prik bo‘lishga harakat qilamiz”, – dedi Turkiya elchisi.

Qayd etilishicha, Turkiya elchixonasi vakolatli diplomatik missiya sifatida o‘zbekistonliklar NATO haqida yanada ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishiga e’tibor qaratadi. Shu bilan birga, kelgusi ikki yil davomida NATO vakillari o‘rtasidagi uchrashuvlarni muntazam tashkil qilish rejalashtirilgan.

Elchi Ahmet Bashar Shen Turkiya elchixonasi ushbu sharafli, ayni choqda, mas’uliyatli vazifani bajarish uchun NATOga a’zo davlatlar elchixonalari bilan bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishini ta’kidladi.

Turkiya Shimoliy Atlantika Ittifoqi – NATOga 1952 yil 18 fevralda, ya’ni tuzilma tashkil etilganidan uch yil o‘tib a’zo bo‘lgan. O‘rtayer dengizi va Yaqin Sharq mintaqasida strategik nuqtada joylashgan Turkiya qariyb 70 yildan beri NATOning ishonchli a’zosi bo‘lib qolmoqda. Rasmiy Anqara Shimoliy Atlantika Ittifoqi shafeligida tinchlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan dasturlarda faol ishtirok etib keladi.

S.Salim