Turkiya dunyoning uchinchi yirik turizm bozoriga aylandi

Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy 2022 yilgi turizm bo‘yicha ko‘rsatkichlarni e’lon qildi. O‘tgan yili mamlakatga 51,4 million sayyoh tashrif buyurgan, turizm sohasi daromadi esa 46,3 milliard dollarni tashkil etgan.

Shu tariqa mamlakat pandemiyadan oldingi (2019) 51,8 millionlik natijani deyarli qaytarishga muvaffaq bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich bilan Turkiya dunyoning uchinchi yirik turizm bozoriga aylangan va rekord qayd etgan.

Mehmet Nuri Ersoyga ko‘ra, 2023 yilda sayyohlar sonini 60 million nafarga, daromadni 56 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. 2028 yilda esa 90 million sayyohni jalb qilgan holda, 100 milliard dollar daromad qilish ko‘zlangan.

“Kelgusi 5 yilda maqsadlarimizga erishish uchun biz bozorni diversifikatsiya qilish, o‘ziga xos manzillarimiz va mahsulotlarimizni global reklama qilish bilan bir qatorda, brendlash va barqaror turizm ekotizimini yaratishga e’tibor qaratamiz”, – degan vazir.

Turkiya Jahon barqaror turizm kengashi (GSTC) bilan hukumat darajasida hamkorlik shartnomasini imzolagan dunyodagi birinchi davlat sanaladi. Ushbu kelishuvga muvofiq 2030 yil oxirigacha 3 bosqichli reja belgilangan. O‘sha vaqtga borib mamlakat 100% barqaror turizm ekotizimiga ega bo‘lishi rejalashtirilgan.

2028 yilda Turkiyaning turizm va madaniyat salohiyatini dunyoga taqdim etadigan 9 ta yo‘nalish va 20 ta mahsulot subbrendi yaratiladi. Shimoliy va Janubiy Amerika, Skandinaviya, Ko‘rfaz va Uzoq Sharq esa istiqbolli mintaqalar o‘laroq ko‘rilmoqda.

Vazirlik velosiped, gastronomiya, sport va sog‘liqni saqlash turizmi kabi yo‘nalishlarga ham alohida diqqat qaratmoqchi.

Mavzuga doir maqolalar:

Anqara va Istanbul yirik madaniyat festivallariga mezbonlik qilmoqda. 08.06.2022

2021 yilda O‘zbekistondan Turkiyaga sayohatga borganlar soni rekord darajada o‘sdi. 02.02.2022

Turkiyaning 2022 yilda turizm bo‘yicha rejalari oshkor qilindi. 15.01.2022