Turkiya prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi “Hello Türkiye” deb nomlangan loyihani boshladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakat milliy va xalqaro nomining “Türkiye” sifatida ishlatilishini jahon ommaviy axborot vositalarida yanada keng targ‘ib etishdan iborat.
Kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Altunning ma’lum qilishicha, 2021 yil dekabr oyida prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on imzosi bilan xalqaro ommaviy axborot vositalarida mamlakatning nomini faqat “Türkiye” shaklida ishlatish bo‘yicha nizom ishlab chiqilgan. Bu hujjat lafziy birxillikni ta’minlash va xalqaro maydonda “Türkiye” brendini mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam sanaladi.
“Turkiya har sohada bo‘lgani kabi til va muloqotda ham o‘zligi va nomini mustahkamlamoqda. Turkiya brendini mustahkamlash uchun Turkiya brend ofisini barpo etamiz. Albatta, bu borada bizni jamiyatimizning barcha qatlami e’tiborli bo‘lib qo‘llab-quvvatlashi juda muhim. Biz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilgan holda, Turkiya brendini butun dunyoda yanada mustahkamlay olamiz”, – deydi professor F.Altun.
Qayd etilishicha, ushbu idora xususiy sektor hamda davlat muassasa va tashkilotlari bilan birgalikda ish olib boradi. Jamoat, nodavlat-notijorat tashkilotlar, ilmiy doira vakillari va matbuotning o‘z faoliyat va yozishmalarida mamlakat nomini “Türkiye” deb qo‘llashi va talaffuz qilishi maqsadga muvofiqdir.
“Hello Türkiye” loyihasi orqali chet elliklarning ijtimoiy tarmoqlarda mamlakat nomini turli tillarda turfa xil istifoda etishiga yo‘l qo‘ymaslik orqali “Türkiye” so‘zini keng targ‘ib qilish ko‘zlangan. Turkiya brendini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar doirasida ilk qadam sifatida Kommunikatsiyalar boshqarmasi targ‘ibot videosini tayyorladi.
Lavhada Turkiyaning turli hududlaridagi xorijlik sayyohlar o‘z talaffuzlarida “Hello Türkiye” jumlasini targ‘ib etadilar. Mazkur video global inflyuenserlarning #helloTürkiye heshtegi bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali dunyo bo‘ylab yoyilmoqda.