O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida Yaponiya elchixonasi bilan hamkorlikda yapon zamonaviy raqs san’atiga bag‘ishlangan onlayn seminar va mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni akademiya rektori Shuhrat To‘xtasimov kirish so‘zi bilan ochib, o‘zaro hamkorlikning buguni va istiqbollari haqida to‘xtaldi.
Yaponiya elchi Yoshinori Fujiyama yapon–o‘zbek do‘stona munosabatlari, ikki xalq san’atidagi o‘ziga xosliklar, madaniy aloqalar xususida so‘zladi, hamkorlik uchun akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Yaponiya elchixonasi mas’ul kotibi Zikrullo Nazirov o‘zaro madaniy aloqalarda raqs san’atining o‘rni va ahamiyati haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Yaponiya elchisi Yoshinori Fujiyama tadbirga faxriy mehmon sifatida tashrif buyurdi.
Xoreografiya kafedrasi katta o‘qituvchisi Gulasal Usmonova tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirning amaliy qismida raqqosa, xoreograf va rejissyor, professor Akiko Kitamura yapon zamonaviy raqsining shakllanish tarixi va uning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazdi. Onlayn mahorat darslari olib borilib, yapon zamonaviy raqslaridagi harakat va holatlar nazariy va amaliy jihatdan o‘rganildi.
Bundan tashqari, akademiya o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘zbek raqs maktablariga (Farg‘ona, Buxoro, Xorazm) oid amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Tadbir so‘nggida professor Akiko Kitamura xonim akademiyaning maxsus sertifikati bilan taqdirlandi. Tomonlar kelgusida ham hamkorlik aloqalarini davom ettirishga kelishib oldi. Qayd etilishicha, joriy yil aprel oyida Akiko Kitamuraning O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda.