Toshkentdagi Ikuo Hirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyida yapon madaniyatining o‘ziga xos yo‘nalishiga bag‘ishlangan “Sushini sevaman” ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori qatnashdi va Kunchiqar o‘lka pazandaligining o‘ziga xos jihatlari va falsafasi haqida so‘zlab berdi.
Tadbir Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Yaponiya jamg‘armasi va Ikuo Hirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyi hamkorligida tashkil etildi.
2013 yilda vasyoku – yapon an’anaviy pazandaligi YuNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan.
Mutaxassislar fikricha, Kunchiqar o‘lkaning oshxonasi juda oddiy, ammo latif, mazali va benihoya rang-barangdir. Butun dunyo yapon oshxonasini sog‘lom ovqatlanishning etaloni deb hisoblashi ham bejiz emas.
Joriy yilning 5 mart kuniga qadar davom etadigan ko‘rgazma orqali yapon pazandaligi sirlari, xususan, sushi turlari, ularning kelib chiqish tarixi bilan tanishish mumkin.
Avval xabar berganimizdek, Ikuo Hirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyida “Yapon taomlari maket namunalari” ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan edi.