Toshkentdagi Ikuo Hirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyida Yapon madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Yaponiya elchixonasi matbuot xizmati. Ushbu tadbir Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Ikuo Hirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyi, O‘zbek–Yapon markazi, O‘zbekiston–Yaponiya do‘stlik jamiyati kabi hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etildi.
Madaniyat kunlarining ochilishida Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama qatnashdi va ikki mamlakat hamkorligi xususida gapirdi.
Marosimda O‘zbek–Yapon markazi dutor kursi qatnashchilarining chiqishi va kimono kiyish usullari namoyish etildi.
Madaniyat kunlari loyihasi doirasida xalqaro karvonsaroy zallarida yapon madaniyati, xalq amaliy san’ati va pazandaligiga doir ko‘rgazmalar tashkil qilindi. Jumladan, yapon xattotlik va qog‘ozga ishlov berish san’ati, sushi-roll tayyorlash mashg‘ulotlari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hamda Yaponiya elchisi Yoshinori Fujiyamaning joriy yil yanvar oyidagi uchrashuvida ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi doirasida bir qator tadbirlar o‘tkazilishi ma’lum qilingan edi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Yaponiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 28 dekabrda tan olgan. 1992 yil 26 yanvarda o‘zaro diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. Ikki tomonlama robitalar do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari asosida qurilgan. 2002 yildan tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida doimiy ravishda siyosiy maslahatlashuv o‘tkazib kelinmoqda.
Yaponiya yurtimizdagi islohotlarga xayrixoh va ko‘makchi davlat sifatida e’tirof etiladi. Kunchiqar o‘lka mamlakatimizga ko‘rsatgan moliyaviy-texnikaviy ko‘mak 4,1 milliard dollardan oshadi. Mazkur mablag‘ sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika, transport, kommunikatsiya va boshqa sohalarda ijtimoiy ahamiyatli loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan.
Shu mavzudagi maqolalar:
Toshkentda Yaponiya elchixonasi bilan hamkorlikda onlayn seminar va mahorat darsi o‘tkazildi. 04.03.2022
Toshkentda O‘zbekiston–Yaponiya diplomatik munosabatlarining 30 yilligi doirasida ko‘rgazma ochildi. 25.02.2022