Toshkentda Turkiya Respublikasi milliy bayrami nishonlandi

Toshkentdagi Hyatt Regency mehmonxonasida Turkiyaning milliy bayrami – Respublika e’lon qilinganining 94 yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi o‘tkazildi. Marosimda O‘zbekiston hukumati va parlamenti, xalqaro tashkilotlar va xorijiy elchixonalar vakillari, fan, ta’lim, madaniyat va san’at namoyandalari hamda jurnalistlar ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston rahbariyati nomidan Oliy Majlis Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev qatnashdi.

Tadbirga mezbonlik qilgan Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning Respublika e’lon qilinganining 94 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Turkiya rahbari nomasida yurt ozodligi uchun shahid ketganlar, xususan, Birinchi jahon urushining tahlikali pallalarida mamlakat birligini saqlab qolgan va Turkiya Respublikasiga asos solgan Mustafo Kamol Otaturk ehtirom ila tilga olinadi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on turk xalqi asrlar mobaynida g‘animlarga bo‘yin egmagani, milliy g‘urur va hurlikdan mahrum bo‘lishdan o‘limni afzal ko‘rganini ta’kidlagan.

Turk xalqiga 94 yil avval kuch-quvvat bergan va Respublika tamal toshini qo‘ygan muzaffar ruh hamon tirik, deb ta’kidlanadi maktubda.

2016 yil 15 iyul kuni Turkiyada xiyonatkor kuchlar amalga oshirgan davlat to‘ntarishiga urinish payti o‘sha muzaffar ruh yana bir karra namoyon bo‘ldi.

“O‘sha kech yoshu qari, erkagu ayol – turk xalqi bir mushtga do‘nib, Respublika qadriyatlarini himoya qildi. Erk tuyg‘usi qon-qoniga sinib ketgan bunday mard va jasur millat vakili ekanimizdan faxr tuyamiz”, – deyiladi Turkiya rahbari nomasida.

Ta’kidlanishicha, Turkiya DAESH, PKK, PYD / YPG, FETO  kabi terrorchi guruhlarga bundan keyin ham murosasiz munosabatda bo‘ladi.

Mamlakatning 81 muzofoti hamda xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarda o‘qib eshittirilgan maktubda Turkiya Respublikasi so‘nggi yillarda katta yutuqlarga erishgani va dunyoning yetakchi davlatlari safidan o‘rin olgani qayd etiladi.

“Bugun Turkiya dunyodagi barcha mazlum va jabrdiydalar qalbida umid chirog‘ini yoqmoqda”, – deyiladi qutlov xatida.

Qayd etilishicha, Turkiya rahbariyati “Millatga hukmronlik emas, xizmatkorlik qilamiz” tamoyili asosida faoliyat yuritib, Respublika e’lon qilinganining 100 yilligi sanasi – 2023 yilga qadar qo‘yilgan yuksak maqsadlarni ro‘yobga chiqaradi.

Turkiya elchisi Ahmet Bashar Shen o‘z chiqishida tarixi, tili, dini va madaniyati mushtarak turk va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi hamkorlik bundan-da yuksalishiga ishonch bildirdi. Bunda esa Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning 2016 yil noyabrda O‘zbekistonga, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil oktyabrda Turkiyaga amalga oshirgan tashriflari muhim ahamiyat kasb etadi. Diplomat o‘z nutqida O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda amalga oshirilayotgan turli sohalardagi islohotlarga yuqori baho berib, bu jarayonda Turkiya do‘st va qardosh sifatida o‘z ko‘magini berishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 1923 yil 29 oktyabrda Turkiya Buyuk Millat Majlisi tomonidan Turkiya respublika deb e’lon qilingan. O‘shandan buyon mazkur sana mamlakat milliy bayrami sifatida tantana qilinadi.

S.Salim