Toshkentda Saudiya Arabistoni milliy bayramining 92 yilligi va O‘zbekiston va Saudiya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligi munosabati bilan tantanali marosim tashkil etildi. Unda xorijiy diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, O‘zbekiston hukumati vakillari, madaniyat, fan va san’at namoyandalari, ulamolar ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston hukumatini bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev tamsil etdi.
Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchisi Yusuf al-Utaybiy tadbirdagi nutqida podshohlikning shakllanish tarixi va ikki tomonlama munosabatlar holati xususida so‘zladi.
“Doimo yuragimizda o‘z Vatanimizga munosib iboralarni qidiramiz. Vatanga muhabbat aziz tuyg‘u bo‘lib, qalbimizda shakllanadi. Vatan yurtga mansublik va ixlosni anglatadi. Agar kishining vafodorligi va o‘z asriga vafosini bilmoqchi bo‘lsang, Vataniga munosabatiga boq, deydilar. Vatanga mansublik elga, yurtdoshlarga, madaniyatga va tarixga mansublikni bildiradi. Vatan mehr-muhabbat, shon-sharaf va izzatni anglatadi. Albatta, Vatanga vafo qilmasdan, uning izzati va shon-sharafini saqlamasdan turib Vatanni sevib bo‘lmaydi”, – dedi Saudiya elchisi.
Qayd etilishicha, marhum podshoh Abdulaziz bin Abdurahmon Ol Saud 30 yil ichida bepoyon, tarqoq va bir-biriga dushman bo‘lgan hududlarni tavhid kalimasi ostida birlashtirib, 1932 yilda Saudiya Arabistoni podshohligiga asos soldi. Shu tariqa 23 sentyabr podshohlikning Milliy kuniga aylandi. Ayni paytda esa mamlakat Ikki muqaddas masjid xodimi – podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz rahbarligida yutuqlarga erishmoqda.
Diplomat o‘z nutqida Saudiyaning “Nigoh–2030” dasturiga alohida to‘xtaldi.
“Nigoh–2030” uch asosga suyanadi. Birinchisi, hayotiy jamiyat bo‘lib, unda Islom qadriyatlari va milliylik mustahkamlanadi. Ikkinchisi, rivojlangan iqtisod bo‘lib, iqtisodni rivojlantirish va rang-baranglashtirishni ko‘zda tutadi. Uchinchisi, oldinga intilayotgan Vatan bo‘lib, hukumat samaradorligini mustahkamlash, ijtimoiy mas’uliyatni kuchaytirishni qamrab oladi. Mazkur uch asos o‘z navbatida 96 strategik maqsadga bo‘linadi”, – dedi Yusuf al-Utaybiy.
Elchi ikki mamlakat hamkorligi xususida gapirar ekan, davlat rahbarlari o‘zaro munosabatlarni yanada kengaytirish istagida ekanini urg‘uladi.
“Ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarda prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining podshohlikka tarixiy tashriflari va valiahd shahzoda hazrati oliylari bilan muloqotlari muhim voqea bo‘ldi. Tashrifning tarixiyligidan uning natijalari va nimalarga erishilgani dalolat beradi. Bularning barchasi moziyga borib taqaladigan, bugungi kun bilan boshlangan va kelajakka qaratilgan aloqalar mustahkamligi va chuqurligini aks ettiradi. Ushbu tashrif hamkorlik ko‘priklari va barcha sohalarni qamrab oladigan rishtalarni mustahkamlab, 14 ta hukumatlararo bitim imzolandi va xususiy sektor vakillari o‘rtasida umumiy qiymati 12 mlrd AQSh dollaridan oshadigan 45 mlrd saudiya riyoli hajmida kelishuvlarga erishildi”, – dedi elchi.
Diplomat o‘zbekistonlik hojilari sonining sezilarli darajada oshib borayotganini ham mamnuniyat bilan qayd etdi. U, ayni choqda, Saudiya Arabistonining “Nigoh–2030” strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasining 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi o‘rtasidagi mushtaraklik xususida ham to‘xtaldi.
“Bugun yangi O‘zbekiston o‘zining jozibador nizomlari va qonunchiligi bilan davomiy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘ryapmiz. Ayni vaqtda podshohlik o‘zining “Nigoh–2030” strategiyasi asosidagi yutuqlariga shohid bo‘lmoqdamiz. Mamlakatlarimiz kelajagi yorqin va yutuqlarga to‘la bo‘lishida Allohning O‘zi qo‘llasin. Birodarlik va oqibat asosida qardoshlarcha aloqalar yo‘lida ikkala mamlakat rahbarlari qilayotgan ishlar tarix sahifalariga yoziladi. Bizlar o‘z tomonimizdan rahbarlarimiz intilishlari va orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish uchun barcha sa’y-harakatlarimizni ishga solamiz”, – deya ishonch bildirdi elchi Yusuf al-Utaybiy.
Mavzuga doir maqola:
Saudiya Arabistoni haj va umra vaziri O‘zbekistonga tashrif buyurdi. 27.09.2022