Toshkentdagi “Wyndham” mehmonxonasida Ozarbayjonning sayyohlik salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi va “Prestige Travel” turoperatori ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirda sayyohlik kompaniyalari, mehmonxona va sanatoriylar vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Dastlab ishtirokchilarga “Olovlar o‘lkasiga sayohat” fotoko‘rgazmasi, shuningdek, Ozarbayjon milliy madaniyatiga doir ko‘rgazma namoyish etildi.
Ozarbayjonda faoliyat yuritayotgan “Prestige Travel” kompaniyasi direktori Sabina Mammadova mamlakatning sayyohlik imkoniyatlari haqida ma’ruza qildi. U o‘z nutqida so‘nggi yillarda o‘zbek sayyohlarining Ozarbayjonga qiziqishi ortib borayotgani, ikki mamlakat o‘rtasida havo qatnovining ko‘paygani, jumladan, Bokudan Toshkentga parvozlarning ortgani, Samarqand shahriga parvozlarning ochilishi turizm rivojiga ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. S.Mammadova Naftalan, Lenkoran, Sheki, Shahdag, Gusar kabi hududlardagi turistik majmualar, ularda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ozarbayjon madaniyat markazi kutubxona-axborot markazi rahbari Kifoyat Pirmamedova “Ozarbayjon – olovlar o‘lkasi” mavzusida taqdimot o‘tkazib, mamlakatning betakror tabiati, madaniyati, oshxonasi va boy sayyohlik imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga mamlakatning sayyohlik imkoniyatlari haqida videotaqdimot namoyish etildi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi “Prestige Travel” kompaniyasi bo‘lim rahbari Sayyora Inamova, “Flykhiva” tijorat direktori Aziz Xojayevlar ham ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, Ozarbayjon iqlimi, tabiati, yodgorliklari haqida gapirdi.
Tadbirning badiiy qismida Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan artist Kaykeb Aliyeva nomidagi Ozarbayjon qizlari raqs ansambli ishtirokchilari raqs ijro etdi.