
10 may kuni Toshkentdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida Ozarbayjon umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev tavalludiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi va Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan tashkil etilgan ma’rifiy tadbirda diplomatlar, xalqaro tashkilotlar va davlat idoralari vakillari, O‘zbekiston madaniyat namoyandalari, jurnalistlar va mahalliy ozarbayjonlar ishtirok etdilar.
Marosim ishtirokchilari mehmonxona zalida atoqli davlat arbobi Haydar Aliyevning hayoti va faoliyati, Ozarbayjon erishgan yutuqlar, sayyohlik imkoniyatlari va milliy madaniyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqan Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi Husayn Quliyev umummilliy rahbar Haydar Aliyevning hayoti va faoliyati, mustaqil Ozarbayjonning me’mori va asoschisi sifatidagi xizmatlari haqida gapirdi. Elchi Haydar Aliyev g‘oyalarini muvaffaqiyatli davom ettirayotgan prezident Ilhom Aliyev mamlakat iqtisodiy qudratini oshirish yo‘lida muhim ishlarni amalga oshirgani, bu yo‘nalishdagi tadbirlar davom ettirilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, elchi 44 kunlik Vatan urushi va Ozarbayjon armiyasining yorqin g‘alabasiga to‘xtaldi.

Diplomat, shuningdek, H.Aliyevning Ozarbayjon–O‘zbekiston do‘stona aloqalarini mustahkamlashdagi tarixiy xizmatlarini yuqori baholadi.
So‘ngra “Ozarbayjonni kashf et” loyihasi doirasida shu nomdagi hujjatli film namoyish etildi. Kartinada Ozarbayjonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari, poytaxt Boku, Gabala, Sheki, Ganja, Naxchivon va Shushaning diqqatga sazovor joylari, sayyohlik imkoniyatlari, tarixiy obidalar, milliy pazandalik an’analari aks ettirilgan.

Qayd etish joizki, hujjatli film Ozarbayjon Diasporalar bilan ishlash davlat qo‘mitasi ko‘magida O‘zbekistonning “Saqich Creative Media” kompaniyasi tomonidan curatga olingan. G‘oya mualliflari – Samir Abbosov, Elshan Namozli va Gulnora Asadovalardir.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilarga O‘zbekiston havo transportida yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Fly Khiva” aviakompaniyasi tomonidan Toshkent–Boku reysi uchun “Olovlar yurtiga sayohat” nomli kupon tuhfa qilindi.

