Toshkentda olmon tili bo‘yicha ifodali o‘qish tanlovi bo‘lib o‘tdi. An’anaviy ravishda Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan tanlovda mamlakatning turli viloyatlaridan kelgan 40 nafar maktab va akademik litsey o‘quvchilari o‘zaro bellashdi.
Yosh bilimdonlarning olmon tilidagi matnlarni ifodali o‘qishi hamda uni idrok etish qobiliyati Gyote instituti, Germaniya elchixonasi hamda Xorijdagi maktablar markaziy boshqarmasi vakillaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.
“A” guruhida Temur Razzoqov (Xorazm), Gulnoz Kayayeva (Samarqand) hamda Nizomiddin Shamsiyev (Toshkent), “V” guruhida Feruzabonu Rajabova (Buxoro), Onaxon Ilhombekova (Xorazm) hamda Otabek Shavkatov (Toshkent), “S” guruhida Go‘zalxon Tursunova (Namangan), Mohira Ismoilova (Xorazm) hamda Shahlo Suyunova (Qashqadaryo) 1-3 o‘rinlarni egalladilar.
G‘oliblarni Germaniya elchixonasining madaniyat va matbuot ishlari bo‘yicha attashesi Horieh Adlkhah xonim tabrikladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda O‘zbekistondagi 1600 maktabning 300 mingdan ziyod o‘quvchisi olmon tilini o‘rganmoqda. 10 ta maktabda olmon tili chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi. 6 ta o‘rta ta’lim maktabi esa olmon tili bo‘yicha diplom (DSD) berish huquqiga ega.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 4 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan an’anaviy olmon tili o‘qituvchilarining 14-anjumanida Germaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, huquqshunoslik fanlari doktori Tilo Klinner O‘zbekiston olmon tilini o‘rganuvchilar soni bo‘yicha Osiyoda 1-o‘rinda ekanini mamnuniyat bilan qayd etgan edi.
Shu mavzudagi maqola:
Toshkentda olmon tili bo‘yicha eng yaxshi yosh notiqlar aniqlandi. 16.03.2017