15 dekabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Malayziya kuni” tadbiri tashkil etildi. Malayziya madaniyati, an’analari va tiliga bag‘ishlangan tadbirda mazkur mamlakatning yurtimizdagi elchisi Hendi Assan mehmon sifatida ishtirok etdi. Diplomat Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rahbariyati bilan hamkorlik bo‘yicha muzokara ham o‘tkazdi.
Keyingi paytlarda ikki davlat o‘rtasida ta’lim jabhasida hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
2019 yil oktyabr oyida Toshkent moliya instituti bazasida Malayziya menejment va tadbirkorlik “Binary” universiteti bilan O‘zbekiston–Malayziya qo‘shma fakulteti ochilgan.
2020 yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi va “Binary” menejment va tadbirkorlik universiteti o‘rtasida Urganchda universitetning xalqaro filialini tashkil etish to‘g‘risida uch tomonlama shartnoma imzolangan.
Malayziya islom ilmiy universiteti (Universiti Sains Islam Malaysia – USIM) esa mamlakatimizdagi ko‘plab ilmiy-akademik muassasalari bilan hamkorlik qilmoqda. Xususan, Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va USIM o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Bundan tashqari, USIM bilan Urganch davlat universiteti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti o‘rtasida tadqiqotlarni birgalikda o‘tkazish, mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, talabalar almashuvi bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolangan. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida va Urganch davlat universitetida Malayziya islom ilmiy universiteti yetakchi professorlarining islom huquqi va bankingi, turizm, menejment, AKT va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruzalari tashkil etilgan. 1998 yilda asos solingan mazkur oliy ta’lim muassasasi Malayziyada katta nufuzli ega bo‘lib, bu dargohda qariyb 15 ming talaba tahsil oladi.
Ta’lim sohasidagi robitalar allaqachon o‘z mevalarini bermoqda. Bunga isbot sifatida birgina faktni keltirish mumkin: joriy yil noyabr oyida Malayziyada malay tilida notiqlik san’ati bo‘yicha tashkil etilgan “Bosh vazir kubogi” uchun xalqaro tanlovida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Nargiza Ortiqova birinchi o‘rinni egalladi. G‘olibga kubok va Malayziya bosh vaziri nomidan sertifikat topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, Malayziya texnik hamkorlik dasturi (MTCP) doirasida tashkil etilayotgan qisqa muddatli o‘quv kurslarida ham mamlakatimiz vazirlik va tashkilotlari vakillari doimiy tarzda ishtirok etib kelmoqda. 2020 yil sentyabr oyiga qadar O‘zbekistondan 630dan ziyod vakil MTCP seminarlarida ta’lim olgan.