Toshkentda Yaponiya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olgan o‘zbekistonlik mutaxassislarning yettinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. An’anaviy anjumanda Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori nutq so‘zladi.
Diplomat o‘z nutqida Yaponiya oliy ta’lim muassasalarida o‘qigan o‘zbekistonlik yoshlar o‘z vatani taraqqiyoti hamda ikki do‘st xalq o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shib kelayotganini ta’kidladi. Elchi bitiruvchilar o‘rtasida robitalar yanada mustahkam bo‘lishi lozimligini ham qayd etdi.
Tadbirda qatnashgan O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Yaponiya bilan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etishi, bu borada bitiruvchilar ham muhim o‘rin tutishini aytdi. Ma’lumot o‘rnida, A.Abduhakimov ham Kunchiqar o‘lkada tahsil olgan.
Yaponiya OTM bitiruvchilari klubi (UJUAC — Uzbekistan Japan Universities Alumni Club) raisi Damira Tinchurina klub faoliyati haqida taqdimot o‘tkazdi.
Tadbir davomida aykido jangovar san’atining falsafasiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
Ishtirokchilar Yaponiya OTM bitiruvchilari klubi faoliyatini yanada kuchaytirish yuzasidan fikr almashdi.
Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan loyiha doirasida so‘nggi 20 yildan ortiq vaqt mobaynida yuzlab yurtdoshimiz Kunchiqar yurtning nufuzli universitetlarida tahsil olish imkoniga ega bo‘ldi.
Yaponiyada tahsil olib qaytgan yurtdoshlarimiz parlament va hukumat, ta’lim, ishlab chiqarish, xususiy biznes, xalqaro tashkilotlar tizimida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritib kelmoqda.