Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetida “Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlari” doirasida o‘zbek tiliga tarjima qilingan va nashr etilgan “Kitobi dada Qo‘rqut”dostonining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Kitob Ozarbayjon madaniyat vazirligi va O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazining qo‘shma loyihasi doirasida tarjimon va adib Rustamjon Jabborov tomonidan ozarbayjon tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Taqdimotda Ozarbayjon Milliy majlisi Madaniyat qo‘mitasi raisi, deputat Ganira Pashayeva, Bokudan kelgan mehmonlar, Ozarbayjon madaniyat markazi xodimlari, o‘zbekistonlik olimlar va adabiyotshunoslar ishtirok etdi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan O‘zMU prorektori Raima Shirinova “Kitobi dada Qo‘rqut” dostoni nafaqat Ozarbayjon, balki butun turkiy dunyo og‘zaki xalq adabiyotining durdonasi ekanini ta’kidladi.
Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov “Kitobi dada Qo‘rqut” dostonida Ozarbayjon xalqining o‘tmish turmush tarzi, madaniyati, urf-odatlari aks etganini ta’kidlab, yangi tarjimaning ahamiyati haqida so‘zladi.
S.Abbosovning ta’kidlashicha, turkiy dunyoning noyob yodgorligi bo‘lgan dostonda Ozarbayjon toponimlari keng aks ettirilgan bo‘lib, u qahramonlik, sof muhabbat, kattalarga hurmat, Vatanga muhabbat tuyg‘ularini o‘stiradi. Umummilliy yetakchi Haydar Aliyevning farmoyishi bilan Ozarbayjonda “Kitobi dada Qo‘rqut” dostonining 1300 yillik yubileyi keng nishonlangan.
Ozarbayjon parlamenti deputati Ganira Pashayeva o‘z nutqida tarixi, tili, madaniyati, kelib chiqishi, urf-odatlari bir xil bo‘lgan ozarbayjon va o‘zbek xalqlari boy she’riyatga ega ekanini ta’kidladi. Ijodkor deputat o‘zbeklarning “Alpomish”, qirg‘izlarning “Manas”, ozarbayjonlarning “Kitobi dada Qo‘rqut” dostonlarining mushtarak xususiyatlari haqida fikr bildirdi.
O‘zMU professori Hamidulla Boltaboyev ikki davlat adabiy aloqalari haqida so‘z yuritar ekan, O‘zbekistonda “Kitobi dada Qo‘rqut”ga qiziqish katta ekanini qayd etdi.
O‘zbek tiliga ilk bor tarjima qilingan “Kitobi dada Qo‘rqut” nashriga Ozarbayjon madaniyat vaziri Anor Karimov va O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tomonidan yozilgan so‘zboshida doston Ozarbayjon xalqining milliy xazinasi, bashariyat madaniyatining nodir durdonasi ekani ta’kidlangan.
“Kitobi dada Qo‘rqut” (“Qo‘rqut ota kitobi”) – o‘rta asrlar turkiy xalqlar eposining yuksak namunalaridan biri. Uning tarkibiga kirgan hikoya va dostonlarning ayrimlari VII-VIII acrlarda og‘zaki ravishda yaratila boshlagan. Asosiy dostonlari IX-X asrlarda o‘g‘uzlar Sirdaryoning quyi oqimlari va Orol dengizi atroflarida yashagan davrlarda yuzaga kelgan.
“Qo‘rqut ota kitobi” dunyo miqyosida keng o‘rganilib kelinayotgan, o‘g‘uz va boshqa turkiy xalqlar tarixi, folklori, etnografiyasini o‘rganishda katta ahamiyatga ega asarlardan biridir. Asar Moskva, Berlin, Xelsinki, London, Syurix, Texas, Tehron, Tabriz, Ashxobod, Anqara, Istanbulda chop etilgan.
Mavzuga doir maqola:
Qahramonlik va donishmandlik kitobi. 30.11.2017