Toshkentda “Evropa Ittifoqining mini-model” o‘yini o‘tkazildi

Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq fakultetining o‘ttizdan ortiq talabasi “EIning mini-model-2017” interfaol o‘yinida ishtirok etdi. YeIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va TDYuU hamkorligi mahsuli bo‘lgan tadbir YeIning inson huquqlari bo‘yicha axborot kampaniyasi doirasida tashkillashtirildi.

“Inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish  – Yevropa Ittifoqi faoliyatining O‘zbekiston Respublikasidagi  ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Biz hamisha turli tomonlarning muloqoti hamda inson huquqlari va erkinligini, shu jumladan, ta’lim, madaniyat va sport masalalarini  muhokama qilish yuzasidan maydon yaratish tarafdori bo‘lib kelganmiz. Bugungi o‘yinimiz – shunday maydonning ajoyib namunasidir. Bugun talabalar insonning asosiy huquqlari va erkinligi yuzasidan chuqur bilimini namoyish etdi”, – dedi YeIning yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari Eduards Stiprays.

“EIning mini-model-2017” o‘yini doirasida talabalar o‘zlarini inson huquq va erkinligini himoya qilish sohasida YeI mamlakatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha diplomatlar rolida sinab ko‘rdilar. O‘yindan ko‘zlangan maqsad talabalarda tanqidiy tafakkur, ommaviy chiqish qilish va muzokaralar olib borish malakasini takomillashtirish,  tadqiqot uslubi va usullari bilan tanishtirish, shuningdek, inson huquqlari sohasidagi asosiy qadriyatlarni targ‘ib etishdan iboratdir.

Interfaol o‘yinning barcha ishtirokchilari sovrin va sertifikatlar, g‘oliblar esa maxsus sovg‘alar bilan taqdirlandi.