O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazida 31 dekabr – Dunyo ozarbayjonlari birdamligi kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi, O‘zbekiston–Ozarbayjon do‘stlik jamiyati, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi rahbariyati, fan, madaniyat, san’at va ta’lim namoyandalari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov kirish so‘zida Dunyo ozarbayjonlari birdamligi kuni muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, hamjihatlik kuni dunyoning 70 dan ortiq davlatida istiqomat qilayotgan 50 milliondan ortiq ozarbayjonliklarning mushtarak bayrami sanaladi.
Diplomat o‘z chiqishida 2022 yil Ozarbayjon–O‘zbekiston munosabatlari uchun omadli yil bo‘lgani, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bir yilda uch marta O‘zbekistonga tashrif buyurgani, o‘zaro hamkorlik strategik ittifoq darajasiga ko‘tarilgani, Toshkent shahrida Haydar Aliyev xiyoboni ochilganini mamnuniyat bilan e’tirof etdi.
Avval xabar berganimizdek, 2022 yil Ozarbayjonda “Shusha shahri yili” deb e’lon qilingan. Yil davomida mazkur tarixiy shaharning 270 yilligi ham nishonlandi.
S.Abbosov Ozarbayjonning 2022 yilda erishgan yutuqlari haqida gapirib, Shusha yili munosabati bilan amalga oshirilgan loyihalarga alohida to‘xtaldi. U, shuningdek, ishg‘oldan ozod qilingan hududlarda amalga oshirilgan qurilish va ta’mirlash ishlari haqida gapirdi.
31 dekabr jahonning turli nuqtalarida yashayotgan ozarbayjon millatiga mansub aholi tomonidan bayram qilinadi. Mazkur sana 1991 yil 16 dekabrda o‘sha davrda Naxichevon Avtonom Respublikasi parlamenti raisi sifatida faoliyat yuritgan, millat yetakchisi Haydar Aliyev tomonidan Dunyo ozarbayjonlari birdamligi kuni deya e’lon qilingan.
Gap shundaki, 1989 yil 31 dekabr kuni Naxichevon Avtonom Respublikasi hududida yashovchi ozarbayjon millatiga mansub minglab kishilar Sovet-Eron chegarasini buzib, Araks daryosidan qo‘shni davlatga o‘tgan. Shu tariqa ular uzoq yillik ayriliqdan keyin Eronda yashayotgan millatdoshlari bilan uchrashgan. Ayni shu kuni Turkiyaning Istanbul shahrida ilk bor Dunyo ozarbayjonlari kongressi tashkil etilgan. Mazkur ikki tarixiy voqea 31 dekabr sanasini birdamlik kuni sifatida e’lon qilishga turtki bo‘lgan.