21 oktyabr kuni Toshkentdagi “Turkiston” san’at saroyida Xitoy san’at ustalari tomonidan teatrlashtirilgan musiqiy dastur namoyish etildi. San’at kechasida O‘zbekistonda Xitoy madaniyati kunlari boshlangani tantanali ma’lum qilindi.
Kontsert avvalida O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vaziri Tursunali Qo‘ziyev hamda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Chjan Syao mehmonlarni qutladi.
Tursunali Qo‘ziyev Xitoy va O‘zbekiston ko‘p asrlik tarixiy aloqalarga ega ekani, mazkur do‘stona munosabatlar ayni paytda yanada rivoj topayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Xalqlar va elatlarni bog‘lagan Buyuk ipak yo‘li orqali Xitoy va Ikki daryo oralig‘i o‘rtasida asrlar davomida do‘stlik karvonlari qatnagani ta’kidlandi.
Madaniyat va sport ishlari vaziri o‘tgan yili Xitoyda O‘zbekiston madaniyat kunlari muvaffaqiyatli tarzda o‘tgani, madaniy-gumanitar aloqalar ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilajagiga urg‘u berdi.
O‘z navbatida, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Chjan Syao davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 20 yilligi munosabat bilan o‘tkazilayotgan mazkur madaniy tadbirning ahamiyati katta ekanini ta’kidladi.
– Bu ham Xitoy, ham O‘zbekiston xalqi uchun o‘ziga xos bayramdir. O‘zaro madaniyat kunlari o‘tkazish haqidagi qaror yuksak darajadagi uchrashuvlarda – ikki mamlakat davlat rahbarlari tomonidan qabul qilingan. Bu orqali xalqlarimizning asrlar sinovidan o‘tgan do‘stligini yanada mustahkamlash, tamaddunlarimizni, madaniyatlarimizni yanada boyitish va hamkorlikni rivojlantirish ko‘zlangan, – dedi Xitoy elchisi Chjan Syao.
Shu kuni Gandun muzofotining Chjuxay shahridan tashrif buyurgan “Xan Shen” badiiy jamoasi xitoy xalq qo‘shiqlari va raqslaridan iborat rango-rang musiqiy-ko‘ngilochar dasturni taqdim etdi. Xitoylik sozandalar, raqqosalar va tsirk ustalari chiqishi o‘zbek tomoshabini tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.
Madaniyat kunlari Samarqandda davom etadi. Xitoy delegatsiyasi 22 oktyabr kuni ko‘hna va navqiron shaharga jo‘nab ketdi.
23 oktyabr kuni Hamid Olimjon nomidagi Samarqand viloyat musiqali drama teatrida Xitoy san’atkorlari ishtirokida kontsert dasturi namoyish etiladi.
Madaniyat kunlari doirasida Xitoy delegatsiyasi a’zolari Toshkent va Samarqandning diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Xitoy madaniyati kunlari doirasida 21 oktyabr kuni Toshkentda Xitoy zamonaviy rassomlari asarlaridan iborat tasviriy san’at ko‘rgazmasi ochilgan.