Toshkentda “Alashning asl arslonlari” ko‘rgazmasi ochildi

4 oktyabr kuni Toshkentdagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida Qozog‘iston sog‘liqni saqlash tizimi asoschisi Xalil Do‘stmuhammedov tavalludining 140 yilligi hamda o‘qituvchi, shoir va dramaturg Mag‘jan Jumaboyev tavalludining 130 yilligiga bag‘ishlangan “Alashning asl arslonlari” (“Alashtың asыl arыsы”) xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.

Tadbirda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Baxtiyor Hasanov, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov, Qozog‘iston Markaziy davlat muzeyi direktori Rashida Xaripova nutq so‘zladi.

Xususan,  Qozog‘iston elchisi Beybut Atamqulov mazkur ko‘rgazma bugungi va kelajak avlodlar xalqlarimiz tarixining eng fojiali davrlarini yodda tutishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

“Bizning ildizlarimiz, tariximiz mushtarak, o‘sha fojiali yillarda xalqlarimiz ham birga edi. Qozog‘iston zamini va O‘zbekiston zamini Kavkazning qatag‘onga uchragan xalqlari, turk mesxetlari, Volga bo‘yidagi olmonlar, Uzoq Sharqdan kelgan koreyslar kabi bir millionga yaqin kishiga boshpana berdi. Bu kunlarni doim yodda tutishimiz kerak”, – dedi B.Atamqulov.

“Kazinform” agentligi xabariga ko‘ra, tadbir mehmonlari uchun 1937-1939 yillardagi siyosiy qatag‘onlardan hikoya qiluvchi “Kunduzsiz kechalar” spektaklidan parcha, kontsert dasturi va teatrlashtirilgan tomosha tayyorlandi.

Ko‘rgazma ikki davlat elchixonalari ko‘magida, Qozog‘iston Madaniyat va axborot vazirligining madaniyat qo‘mitasi tomonidan Qozog‘iston Markaziy davlat muzeyi va O‘zbekiston Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

7 kun davom etadigan ko‘rgazmada Alash O‘rda faoliyatida muhim o‘rin tutgan Ahmet Baytursinov, Alixon Bukeyxonov, Mirjaqib Dulatov, Muhammadjon Tinishpayev, Mustafo Cho‘qay, Saken Seyfullin, Xalil Do‘smuhammedov, Mag‘jon Jumaboyevlarning shaxsiy buyumlari va muhim arxiv hujjatlari namoyish etiladi.

Alash O‘rda – qozoq xalqining milliy ozodlik kurashiga rahbarlik qilgan milliy partiya va muxtor hukumatdir. Ozodlik kurashchilarining sa’y-harakati bilan 1917 yilning dekabrida poytaxti Semipalatinsk shahri bo‘lgan Alash O‘rda muxtoriyati e’lon qilingan. Ammo ko‘p o‘tmay muxtoriyat va uning namoyandalari bolsheviklar ta’qibi va taqiqiga uchragan.