18 oktyabr kuni poytaxtdagi Simpoziumlar saroyida “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzuida ilmiy-amaliy konferentsiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlari idorasining muslim.uz sayti xabar berdi.
Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Rossiya, Ukraina, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Irlandiya, Germaniya va boshqa davlatlar hamda diniy konfessiyalarning olimu ulamolari ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri Abdulla Oripov ham qatnashdi.
Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, Ortiqbek Yusupov va Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, MDH dinlararo kengash hamraisi, Kavkaz xalqlari Oliy diniy kengashi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda ochiq deb e’lon qilishganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov Prezident Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik so‘zlarini o‘qib eshittirdi. So‘ngra Ozarbayjon Respublikasining Diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi Muboriz Qurbono‘g‘li anjuman ishtirokchilariga Ozarbayjon Prezidenti yo‘llagan tabrikni yetkazdi.
Anjuman ishiga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov rahbarlik qildi.
Birinchi so‘z O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovga berildi. Muftiy hazratlari “Tinchlikni qadrlash – oliy fazilat” mavzuidagi nutqini mehmonlarni yurtimizga kelgani bilan qutlash bilan boshladilar. So‘ngra o‘zbek va ozar xalqi qadim-qadimdan do‘stona aloqada bo‘lib kelgani, ayniqsa, ikki xalq ziyolilari, ijodkoru olimlari o‘rtasida ustoz-shogirdlik an’analari ko‘p asrlik tarixga ega ekaniga e’tibor qaratdilar hamda tinchlikning bebaho ne’mat ekanini oyati karimalar, hadisi shariflar bilan ta’rifladilar. Ma’ruzasi nihoyasida mehmonlarni tashrifi bilan yana bir bor qutlab, ularni Toshkent, Samarqand, Buxorodagi qadamjolarga ziyoratga taklif qildilar.
Turkiya Respublikasi Diniy boshqarmasi raisi Doktor Ali Erbash “Bag‘rikenglikni mustahkamlashning ijtimoiy omillari”;
Ozarbayjon Respublikasining Diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi Muboriz Qurbono‘g‘li “Islom hamjihatligi: Ozarbayjon javobi”;
Islom Hamkorlik Tashkiloti qoshidagi Islom tarixi, madaniyati va san’ati tashkilotining Istambuldagi (IRCICA) markazi bosh direktori, doktor Xalit Eren “IRCICAning islom tarixi, madaniyati va san’atiga doir faoliyati”;
Ozarbayjon milliy akademiyasi prezidenti, akademik Akif Alizoda “Diniy bag‘rikenglik – xalqlar o‘rtasidagi tinchlik kafolati”;
Milliy Majlis deputati, Parlamentdagi ozarbayjon-o‘zbek do‘stligi guruhi rahbari Eldor Ibrohimov “Dinlararo bag‘rikenglik – jamiyatdagi tinchlik va barqarorlik garovi”;
Milliy Majlis deputati, Parlament qo‘mitasi raisi Siyovush Navro‘zov “Ozarbayjondagi diniy bag‘rikenglikning tarixiy-falsafiy asoslari”;
Karachayeva-Cherkes Respublikasi musulmonlari diniy boshqarmasi rahbari, Shimoliy Kavkaz musulmonlarining muvofiqlashtiruvchi markazi raisi, muftiy Ismoil Berdiyev “Takfirchilik” va undan islom hamjihatligiga qarshi siyosiy kuch sifatida foydalanilayotgani”;
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, MDH dinlararo kengash hamraisi, Kavkaz xalqlari Oliy diniy kengashi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda “Tinchlikni saqlashda dinning o‘rni” kabi dolzarb mavzularda nutqlar so‘zladilar.
Ma’ruzalar tinlanganidan keyin yarim soat muhokamaga vaqt ajratildi va anjumanning birinchi qismi nihoyasiga yetdi.
Anjuman ishtirokchilarini Toshkent shahar hokimiyati “Navro‘z” restoranida to‘kin dasturxon bezab mehmon qildi. Anjuman qatnashchilari tushlikdan so‘ng toza havoda erkin suhbat qilib, esdalik uchun suratga tushdilar.
Anjumanning ikkinchi qismiga Ahadjon Hasanov va Salmon Musayev boshchilik qildilar.
Unda akademik Ne’matullo Ibrohimov “O‘zbek va rus tillarida Islom entsiklopediyasini tuzish bo‘yicha taklif va mulohazalar”;
Germaniya Respublikasining Frankfurt shahridagi Yevropa-turk musulmon uyushmasi prezidenti Muso Sardor Chalabiy “Bugungi islomiy dunyoqarashda diniy bag‘rikenglik muammolari”;
Toshkent islom universiteti rektori Ravshan Abdullayev “O‘zbekistondagi diniy ta’limning bugungi holati”;
Rossiya musulmonlari diniy tashkiloti raisi, Moskva shahri muftiysi Albir Krganov “Din va ijtimoiy hamkorlik”;
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Shayx Abdulaziz Mansur “Tinch-totuv yashashning musulmoncha modeli, o‘zaro hurmat-ehtirom va madaniy aloqalar”;
Shimoliy Osetiya-Alaniya Respublikasi muftiysi Hojimurod Gatsalov “Islom hajihatligining yangi, xatarli davrdagi roli”;
Toshkent va O‘zbekiston mitropoliti Vikentiy “Pravoslav cherkovining do‘stona munosabatlar va yoshlarning tarbiyasiga doir faoliyati”;
Kavkaz musulmonlari boshqarmasi raisining birinchi o‘rinbosari, muftiy Salmon Musayev “Diniy va ijtimoiy hamkorlik”;
O‘zbekistondagi Islom taraqqiyoti markazi rahbari Shoazim Munavvarov “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston tajribasi”;
Ozarbayjon Respublikasi Diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Gunduz Ismoilov “Ozarbayjonda davlat va din munosabati”;
Ukraina musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy Ahmad Tamim “Islom hamjihatligini mustahkamlashda xalqaro ilmiy hamkorlikning roli”;
Rim-katolik cherkovi yepiskopi Yeji Matsulevich “O‘zbekistondagi Rim-katolik cherkovining to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun yaratilgan sharoitlar”;
Rus pravoslav cherkovining Boku va Ozarbayjon Yeparxi Arxiyepiskop Aleksandr “Diniy bag‘rikenglik va yangicha dunyoqarash muammolari: o‘tmish va bugun”;
O‘zbekiston Bibliya jamiyati bosh kotibi Xolmatjon Ashirov “O‘zbekiston Respublikasida diniy bag‘rikenglikning ta’minlanishi”;
Xalqaro islom missiyasi prezidenti, muftiy Shafiq Pshixachev “Yosh avlod tarbiyasi muammosi va ma’rifat tarqatish borasida hamkorlikda faoliyat yuritishning ahamiyati”;
O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari O‘tkir Hasanboyev “Yoshlar o‘rtasida diniy ekstremizm mafkurasi tarqalishiga qarshi”;
Ozarbayjon tog‘li xalqi yahudiylari jamoasi rahbari Milix Yevdayev “Tolerantlikni shakllantirishda integrativ funktsiyaning roli” mavzuida ma’ruza qildi.