Tog‘li Qorabog‘ mojarosi Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida hal etiladigan masaladir. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Hikmat Hojiyev bayonot berdi.
Avvalroq ayrim mamlakatlar muzokaralarga Tog‘li Qorabog‘da tashkil etilgan tan olinmagan davlatni ham jalb etishni taklif etgan edi.
“EXHT hujjatlarida qayd etilganidek, Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘idagi ozarbayjon va arman jamoasi mazkur ixtilofning manfaatli tomonlari sanaladi. Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘idagi ozarbayjon va arman jamoasi teng huquqqa egadir”, – deydi H.Hojiyev.
Qayd etilishicha, Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjonga qonunan va tarixan tegishli hududdir va dunyodagi biror davlat yoki xalqaro tashkilot mazkur dalilni rad etmaydi.
Eslatib o‘tamiz, rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.
Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.
Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.
Shu mavzudagi maqola:
Ozarbayjon Armanistonni xalqaro huquq me’yorlarini buzishda aybladi. 22.04.2016