TIKA rahbari Serdar Cham O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri bilan uchrashdi

7 aprel kuni Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) rahbari Serdar Cham Toshkentda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Anvar Alimov bilan uchrashdi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning rivojida TIKAning ahamiyati katta ekanini ta’kidladi. Qayd etilishicha, agentlik ko‘magida keyingi yillarda 500 dan oshiq bola plastik operatsiya qilindi, 100 dan oshiq o‘zbekistonlik shifokor Turkiyada malaka oshirdi. A.Alimov bu kabi ko‘mak uchun Turkiya tomoniga tashakkur bildirdi.

O‘z navbatida, TIKA rahbari Serdar Cham Abu Ali ibn Sino kabi tibbiyot dahosining vatani bo‘lgan O‘zbekiston bilan hamkorlik izchil davom ettirilishini ta’kidladi.

TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi amalga oshirgan bir qator loyihalarning tugallangani munosabati bilan o‘tkaziladigan marosimlarda ishtirok etgani kelgan Serdar Cham shu kuni O‘zbekicton Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari S.Ergashev bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar holati hamda istiqbolda qilinajak ishlar muhokama etildi.

Bundan tashqari, turkiyalik yuqori martabali mehmon TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borilgan “Tadbirkor ayol” uyushmasining markaziy binosi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ginekologiya va akusherlik ilmiy-amaliy markaziga tashrif buyurib, ushbu markaz qoshida TIKAning ko‘magida tashkil etilgan Simulyatsiya o‘quv markazining rasmiy ochilishida ishtirok etdi.

Shu kuni TIKA delegatsiyasi ishtirokida tibbiy anjom va uskunalar bilan jihozlangan 10 dona mobil klinik transport vositasini “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondiga topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. “Mobil klinika” transport vositalari loyihasi 2010 yildan buyon TIKA ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabariga qaraganda, 8 aprel kuni Serdar Cham va TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Suleyman Kiziltoprak hamda ikki davlat vakillaridan iborat delegatsiya Buxoroga boradi. Mehmonlar TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borilgan Buxoro shahridagi 32-mehribonlik uyida bo‘ladi.

10 aprelga qadar davom etadigan tashrif dasturiga ko‘ra, Turkiya delegatsiyasi Samarqand va Termiz shaharlarida ham bo‘lib, tarixiy obidalarni ziyorat qiladi.

Turkiya Respublikasi Bosh vazir devoni huzuridagi texnikaviy yordam ko‘rsatish tashkiloti sanalgan Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) 1992 yilda tashkil topgan. Hozirda tashkilotning Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alarining 140ga yaqin mamlakatida 50dan ortiq vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1994 yil 20 mayda ochilgan. Vakolatxona O‘zbekistondagi turli tashkilot va idoralar bilan iqtisodiy, texnikaviy, ijtimoiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirib kelmoqda.

Sobir Salim

 

Shu mavzudagi maqolalar:

O‘zbekistonlik besh yuzdan ortiq ichki ishlar xodimi Turkiyaning malaka oshirish dasturida qatnashdi. 22.12.2015

Turk olimlari 1300 yil avvalgi barmoq izlarini topdi. 09.02.2016