TALENT for BİZ anjumani yosh iqtidor sohiblari uchun imkoniyat taqdim etadi

Joriy yil 17 sentyabr kuni Toshkentda TALENT for BİZ anjumani bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonda uchinchi marta tashkil etilayotgan tadbirda yoshlar Turkiyaning ilg‘or firmalari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Tadbir davomida yosh iqtidor sohiblari peshqadam turk firmalari mas’ullari bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ishlash imkoniyatini ham qo‘lga kiritishi mumkin.

TALENT for BİZ anjumani doirasida Chalik Enerji, Ziraat Bank, Türk Hava Yolları, TIKA kabi O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan turk idora va tashkilotlari ish/staj intervyularini ham o‘z ichiga olgan o‘nlab muloqotlarni amalga oshiradi. TUSASH va ASELSAN esa Toshkentda tashkil etilgan Olmazor inkubatsiya markazi ofislarida ishlaydigan yosh o‘zbek muhandislari bilan intervyu tashkil qiladi. Tadbir davomida ma’lumot stendlari, amaliy taqdimotlar, inson resurslari bo‘yicha intervyular uyushtiriladi.

Qayd etilishicha, bu kabi tadbirlar ikki qardosh davlat o‘rtasida karera sohasida hamkorlikni ham rivojlantirishga xizmat qiladi.

Tadbirga oid batafsil ma’lumotlarni TALENT for BİZ sayti orqali topish mumkin.

TALENT for BİZ tadbiri ilk bor “Kickstart Your Career in Turkish Global Companies” shiori ostida 2019 yili 69 idora va tashkilot ishtirokida 4 mamlakatda (O‘zbekiston, Angliya, Janubiy Afrika Respublikasi, Germaniya) o‘tkazilgan. 2020 yilda kovid pandemiyasi tufayli tadbir 3 mamlakatda (O‘zbekiston, Pokiston va Qozog‘iston) uyushtirilgan. 2021 yilda esa kuchaygan pandemiya sababli o‘tkazilmagan. Joriy yil davomida esa TALENT for BİZ tadbirlari Rotterdam, London va Kyoln shaharlarida tashkil qilindi.