Surxondaryoda Yevropa Ittifoqi ko‘magida 1,6 million yevrolik dastur ishga tushirildi

O‘zbekiston oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Surxondaryo viloyati hokimligi, Yevropa Ittifoqi va YuNISEF hamkorligida Surxondaryo viloyatida inklyuziv ta’lim, ijtimoiy xizmatlar va huquqiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish dasturi ishga tushirildi. YeIning ushbu dasturga qo‘shgan hissasi 1,6 million yevroni (taxminan 17 milliard so‘m) tashkil qiladi.

Mahallalarda bolalar, yoshlar, oilalar uchun ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlarni yaxshilashga qaratilgan dastur doirasida taxminan 35 ming kishini qamrab olish rejalashtirilgan. Dasturda asosiy e’tibor bir qator sabablarga ko‘ra, jumladan, zo‘ravonlik, migratsiya, Afg‘onistondan ko‘chishga majbur bo‘lgani bois mushkul ahvolda qolgan bolalar, yoshlar va oilalarga qaratiladi.

“Bu – o‘zaro hamkorlik, integratsiyalashuv va birdamlik uchun umumiy makonlarni yaratish orqali mahalliy hamjamiyat, jumladan, afg‘on xalqining ijtimoiy hamjihatligi va farovonligini oshirishga qaratilgan ko‘p bosqichli strategiyaga ega muhim voqeadir. Shu tariqa Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonni hamda uning kuchli va barqaror jamiyat qurish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini, shuningdek, yordamga muhtoj afg‘onlar, jumladan, qo‘shni davlatlardagilarni qo‘llab-quvvatlashini bildiradi”, – deydi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.

YuNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzadening ta’kidlashicha, keng aholi qatlami, ayniqsa, uning eng zaif bo‘g‘ini ijtimoiy va huquqiy yordam xizmatlaridan teng foydalanish imkoniga ega bo‘lsa, hamjamiyatlar ham barqaror va farovon bo‘ladi.

EI delegatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu grant doirasida ijtimoiy adolatni ilgari surishda bevosita ishtirok etuvchi ijtimoiy xizmat xodimlarining salohiyatini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Dastur, shuningdek, ko‘p tilli maktabgacha va maktab inklyuziv ta’limi komponentlarini, ixtisoslashtirilgan yuridik yordam xizmatlarini va tanlangan guruh yoshlari uchun ko‘nikmalarni rivojlantirish yo‘nalishlarini ham o‘z ichiga oladi.

Avvalroq O‘zbekistondagi Afg‘oniston fuqarolarining ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining yangi tashabbusi haqida xabar berilgan edi. Jumladan, elchi Sharlotta Adrian YeI og‘ir sharoitdagi Afg‘oniston xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etishi, jumladan, Afg‘oniston va qo‘shni davlatlardagi afg‘onlarni sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi yo‘nalishlarda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 268 million yevrodan ortiq yangi loyihalar imzolanganini ma’lum qilgandi.

Mazkur loyihalar doirasida mamlakatimizda vaqtinchalik istiqomat qiluvchi jami 138 nafar Afg‘oniston fuqarolari uchun bir yillik va uch oylik o‘quv kurslari tashkil etilgan.