Sulaymon Kiziltoprak: “2017 yilda ham yirik loyihalarni amalga oshirishni niyat qilganmiz”

Turkiya Bosh vaziri devoni huzuridagi Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) O‘zbekistonda 2017 yilda ham bir qator yirik loyihalarni amalga oshiradi. Bu haqda TİKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, professor Sulaymon Kiziltoprak ma’lum qiladi.

Turkiya agentligi, xususan, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bilan hamkorlikda Toshkent shahri Shayxontohur tumanida bolalar sport majmuasi bunyod etadi. Yangi majmua ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar farzandlari va imkoniyati cheklangan bolalarning futbol, basketbol, voleybol va tennis kabi sport turlari bilan shug‘ullanib, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga xizmat qiladi.

Qayd etish joizki, TİKA 2016 yilda ham “Sog‘lom avlod uchun” fondi bilan hamkorlikda bir qator yirik loyihalarni amalga oshirgan. Jumladan, agentlik “Sog‘lom avlod uchun” fondiga rangli ultratashxis jihozi, elektrokardiogramma, kolposkop, portativ laboratoriya uskunalari va boshqa tibbiy anjomlar bilan jihozlangan 10 ta mobil klinika avtoambulansini taqdim etgan. Ayni paytda mobil tibbiy yordam avtobuslari olis va chekka qishloqlarda istiqomat qilayotgan yuzlab oilalarga ko‘rsatmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” fondi hududiy bo‘limlariga mobil klinika avtobuslarini taqdim etish marosimida TİKA rahbari, doktor Serdar Cham qatnashgan.

Bundan tashqari, 2016 yilda TİKA O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Sog‘lom avlod uchun” fondi bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyatida bolalar va o‘smirlar plastik jarrohlik operatsiyalari xayriya aktsiyasini o‘tkazdi. 2009 yildan buyon tashkil etilayotgan an’anaviy xayriya tadbirida hozirga qadar 2081 nafar bemor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 719 nafar bola operatsiya qilingan.

Orol fojiasi Markaziy Osiyo tarraqiyotiga jiddiy xavf  solib turgan ekologik muammolardan sanaladi. TİKA mintaqa xalqlariga ko‘mak berish va hududda ekologik barqarorlikni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda Orolbo‘yi mintaqasini o‘rmonlashtirish va reabilitatsiya qilish loyihasi ishlab chiqdi. Mazkur yangi loyiha doirasida 5 ming gektar hududda o‘rmonlashtirish va reabilitatsiya ishlari amalga oshirilib, qulay va barcha sharoitlarga ega ikkita ko‘chatxona va issiqxona quriladi.

Joriy yilda TİKA “Tadbirkor ayol” uyushmasi Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi binosini qurib berishni ham rejalashtirgan. Yaqin muddatda Buxoro viloyati hokimligi ajratgan 250 kv.m. maydonda barcha qulayliklarga ega zamonaviy inshoot qad rostlaydi.

Bundan tashqari, joriy yilda agentlik Toshkent Turizm va biznes kolleji uchun o‘quv amaliyot laboratoriyasini tashkil etib beradi. O‘quv laboratoriyasi talabalarga nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlash imkonini beradi. Ayni paytda o‘quv amaliyot laboratoriyasining chizmasi va tarhi tayyorlangan. Mazkur loyiha O‘zbekistonda turizm sohasi uchun malakali kadrlar yetishtirishga ko‘mak berishga qaratilgan.

TİKA 2016 yili Samarqandda mehmonxona xizmati vakillari uchun 10 kunlik malaka oshirish dasturini tashkil etdi.

“Otalarimiz yurti bo‘lmish O‘zbekistonda faoliyat yuritayotganimdan g‘oyat shodman. Bu yerda amalga oshirayotgan loyihalarimiz Imom Buxoriy, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Navoiy kabi alloma va mutafakkirlarning vorisi bo‘lmish qardosh o‘zbek xalqiga hurmatimizni ifodalaydi. Maqsadimiz taraqqiyot sari dadil odimlayotgan O‘zbekistonning rivojiga hissa qo‘shish, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishdan iborat. Biz O‘zbekistonda iqtisodiy, texnikaviy, ijtimoiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirishda davom etamiz. Bu borada hamkor tashkilotlarning taklif va loyihalarini ko‘rib chiqishga hamisha tayyormiz”, – deydi TİKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, professor Sulaymon Kiziltoprak.

Turkiya Bosh vaziri devoni huzuridagi Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi 1992 yilda tashkil etilgan. TİKA Turkiyaning xalqaro maydondagi o‘ziga xos timsoli sifatida dunyo  hamjamiyati hurmatini qozongan.

Somali va Niger aholisini ichimlik suvi bilan, Falastin xonadonlarini esa yoritish tizimi bilan ta’minlash, Makedoniya va Serbiyada tabiiy ofat qurbonlariga, Qozog‘istonda esa arxeologlarga ko‘mak ko‘rsatish, Afg‘onistonda maktab, Albaniyada masjid, Tanzaniyada kutubxona, Nepalda shifoxona, O‘zbekistonda esa sport majmuasi bunyod etish… Bu TİKA dunyo bo‘ylab amalga oshirayotgan loyihalarning bir qismi, xolos.

Agentlik Turkiya bayrog‘i ostida sayyoramizning 140ga yaqin mamlakatida har yili o‘rtacha 2000 ta loyihani amalga oshiradi. Agentlik Mo‘g‘ulistondan Kosovoga qadar, Senegaldan Afg‘onistonga qadar, Ukrainadan Madagaskarga qadar – Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alarida hamkorlik va texnikaviy yordam faoliyatini amalga oshirib, millionlab insonlar koriga yaramoqda.

TİKAning Toshkentdagi vakolatxonasi O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida 1994 yil 20 mayda ochilgan. Vakolatxona iqtisodiy, texnikaviy, ijtimoiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyiha va dasturlarga ko‘mak berib kelmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, TİKA o‘tgan salkam chorak asr mobaynida O‘zbekistonda 700ga yaqin loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

Sobir Salim

Shu mavzudagi maqolalar:

TİKA Xorazm viloyatidagi sog‘liqni saqlash muassasalariga tibbiy uskunalar taqdim etdi. 04.01.2017

TIKA rahbari Serdar Cham O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri bilan uchrashdi. 07.04.2016

Turk olimlari 1300 yil avvalgi barmoq izlarini topdi. 09.02.2016