Shotlandiya parlamenti Xojali qirg‘inini qoralovchi rezolyutsiya qabul qildi

Shotlandiya parlamenti Xojali qirg‘inining 25 yilligi arafasida ushbu voqeani qoralovchi rezolyutsiya qabul qildi. Bu haqda Trend agentligi xabar beradi.

Parlamentdagi barcha partiyalar umumiy roziligi – mutlaq ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlashi bilan qabul qilingan hujjat qonun chiqaruvchi idoraning rasmiy saytida joylashtirilgan.

Rezolyutsiyada Shotlandiya va Ozarboyjon o‘rtasida do‘stona hamkorligi mavjudligi qayd etilib, 1990-yillarda Ozarboyjonga tegishli Tog‘li Qorabog‘ bosib olingani qoralanadi. Xojalida 1992 yil fevralda yuz bergan voqealar esa qatliom sifatida baholanadi.

Parlament a’zolarining 80 foizi qo‘llab-quvvatlagan hujjatda Xojali qatliomini sodir etganlar insoniyatga qarshi harbiy jinoyatni amalga oshirgan shaxslar sifatida qoralanib, kelgusida bunday fojiaga yo‘l qo‘ymasligi lozimligi uqtiriladi.

Rezolyutsiyada qayd etilishicha, Armaniston BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan Ozarboyjonning bosib olingan hududiga oid qabul qilingan rezolyutsiyalarni inkor etib kelmoqda.

Keyingi yillarda Xojali qirg‘ini bir qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olinmoqda. Hozirga qadar Bosniya va Gertsegovina, Kolumbiya, Chexiya, Honduras, Iordaniya, Meksika, Pokiston, Panama, Peru, Ruminiya, Seriya, Sudan hamda AQShning 10 dan oshiq shtati parlamentlari Xojali voqealarini qatliom sifatida tan olib, hujjat qabul qilgan.

Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 2012 yil 20 noyabr Jibutida bo‘lib o‘tgan 39-sessiyasida Xojali qatliomiga oid rezolyutsiya qabul qilingan. Tashkilot o‘z a’zolarini mazkur qirg‘inni tan olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishga da’vat etgan.

1992 yilning 25-26 fevral kunlari Armaniston qurolli kuchlari Rossiyaning Xonkendidagi 366-motoo‘qchi polki yordamida Ozarboyjonning Xojali shahrida ommaviy qirg‘in jinoyatini sodir etdi. O‘shanda 613 nafar tinch aholi qatl etildi, 487 kishi jarohatlandi va 1275 kishi asir olindi. Asir olinganlarning ko‘pi yaqinlari bag‘riga qaytmadi, ularning taqdiri hali-hamon noma’lum qolmoqda. 366-polk Xonkendidan chiqib ketgach, unga tegishli harbiy texnika Armaniston qurolli kuchlari ixtiyoriga o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.

Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.

Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.

S.Salim