Shoir va tarjimon Mirpo‘lat Mirzo vafot etdi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir va tarjimon Mirpo‘lat Mirzo 2018 yil 21 fevral kuni Toshkent shahrida vafot etdi.

Mirpo‘lat Mirzo 1949 yil 20 avgustda Chimkent viloyatining Sayram qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1971).

1971 yildan “Yosh gvardiya” nashriyotining muharriri, 1982-86 yillarda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida mas’ul kotib, “Yosh gvardiya” nashriyotida bosh muharrir o‘rinbosari, “Yozuvchi” nashriyotida bosh muharrir, 1997 yildan “Jahon adabiyoti” nashriyotida bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Mirpo‘lat Mirzoning dastlabki she’riy turkumi 1971 yilda «Guliston» jurnalida nashr etildi. Ilk she’riy to‘plami 1975 yilda nashr etilgan bo‘lib, so‘ng «Tong jilvasi» (1976), «Ishq fasli» (1978), «Yaxshi kunlar» (1981), «Sunbula» (1985), «Moviy daryo» (1988), «Atirgul va yulduzlar» (1990), «Onajon», (1995), «Saylanma» (2005) kabi 10 dan ortiq she’riy to‘plamlari chop etilgan. Uning jahon shoirlari ijodidan qilgan tarjimalari “Somon yo‘li chechaklari” (2004), “Sayra, do‘mbiram!” (Qozoq she’riyati antologiyasi, 2005), “Lojuvard osmon”, “XX asr rus she’riyati” nomlari bilan nashr qilinib, she’riyat ixlosmandlarining mehrini qozongan.

Mirpo‘lat Mirzoning “Surur”, “Rayhon isi” nomli esselar, publitsistik maqolalar va adabiy suhbatlarni o‘z ichiga olgan kitoblari ham adabiy jamoatchilik tomonidan alohida e’tibor bilan qabul qilindi.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimasidagi G. Lessingning “Donishmand Natan”, V. Shekspirning “Yoz tuni g‘aroyibotlari” pesalari Milliy teatrimiz sahnasida muvaffaqiyat bilan qo‘yildi.

Mirpo‘lat Mirzo ijodiy faoliyati Boris Pasternak nomidagi (1999) va “Alash” (2001) nomli xalqaro mukofotlar bilan taqdirlangan.

Shoirning yaqinlariga ta’ziya izhor etamiz.