Shimoliy Koreya: Raketa parvozi ortidagi tahdid

Shimoliy Koreya bir sutka ichida fazoga yettita ballistik raketa uchirib dunyoni hayrat va xavotirga solib qo‘ydi. Hayrat boisi — garchi butun dunyoda tartib o‘rnatish da’vosidagi davlatlar tish-tirnog‘i bilan qarshi tursada, qit’alararo masofaga uchuvchi raketa sinab ko‘rildi. Xavotir sababi — harbiy raketalar o‘zini yadro kuroliga ega bo‘lgan davlat deya e’lon qilgan Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga qarashli ekani edi.
Garchi sinov muvaffaqiyatsiz yakunlanib, raketalarning aksariyati qulab tushgan bo‘lsada, Pxenyan hukumatining xalqaro huquq me’yorlari doirasidagi majburiyatlarini ochiq-oshkor va namoyishkorona buzishi yana bir yirik siyosiy mojaroni keltirib chiqardi.

Raketalar qayerga yo‘l olgandi?

Jahonning yetakchi axborot agentliklari ma’lumotlariga qaraganda, Shimoliy Koreya hukumati 6 ta o‘rta va yaqin masofalarga uchuvchi hamda bitta qit’alararo «Taepodong-2» raketa parvozini amalga oshirgan. Harbiy raketalarning barchasi mamlakatning shimoli-sharqida joylashgan Musudan bazasidan uchirilgan.
Yaponiya va AQSh maxsus xizmatlarining so‘nggi ma’lumotlariga qaraganda, «Taepodong-2» qit’alararo raketasi Gavayi orollari tomon yo‘l olgan. Biroq Shimoliy Koreyaning «faxru iftixori» deya baholanadigan harbiy texnika samoda bor-yo‘g‘i 40 soniya bo‘ldi va Yapon dengizi yaqiniga qulab tushdi.
Janubiy Koreya razvedkasi xulosasiga ko‘ra, raketalar Rossiya hududiga, aniqrog‘i, Federatsiyaning Naxodka shahri yaqiniga kelib tushgan. Biroq bu ma’lumotlarni Moskva tomoni tasdiqlamagan.

Diplomatik muloqot foyda bermadi

Aslida Shimoliy Koreya raketa sinovlariga hozirlik ko‘rayotgani xususidagi dastlabki ma’lumotlar o‘tgan oyda Janubiy Koreyaning yetakchi gazetalarida e’lon qilingan edi. Bu ma’lumotlar dunyoning nufuzli davlatlari tomonidan xavotir bilan qabul qilindi. Rossiya hukumati Shimoliy Koreyaning Moskvadagi elchisini zudlik bilan tashqi ishlar vazirligiga chaqirdi. Elchiga diplomatik usullar bilan mintaqada notinchlik uyg‘otadigan va muzokaralarga salbiy ta’sir etadigan xatti-harakatlardan saqlanish zarurligi uqtirildi.
Noxush ovoza tarqalishi bilan AQSh hukumati vakili Pxenyan harbiy sinovlar o‘tkazadigan bo‘lsa, bu mamlakat uchun yomon oqibatlarga olib kelishini ochiq ma’lum qildi. To‘g‘risi, yetakchi davlatlar raketa sinovi borasida Shimoliy Koreyani ogohlantirgan bo‘lsalarda, ko‘pchilik ovozalarni asossiz va uydirma deb o‘ylayotgandi. Chunki Kim Chen Ir boshchiligidagi Shimoliy Koreya raketa parvozidanda xatarliroq — yadro tadqiqotlariga tayyorligi xususidagi mish-mishlar ham ko‘p bora tarqagandi.
5 iyul arafasida hatto harbiy parvozlarning asosiy nishoni bo‘lishi mumkin davlat — Janubiy Koreya mudofaa vaziri ham Shimoliy Koreya hozir raketa sinovini amalga oshirishga tayyor emas degan xulosaga kelgandi. Biroq voqealar mutlaqo kutilmagan yo‘nalishda rivojlandi.

Tanaffus tugadi. Yangi «dars» boshlandi

Shimoliy Koreyada so‘nggi marta 1998 yili ana shunday raketa sinovi kuzatilgandi. 2002 yilga kelib, AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya ishtirokida muzokaralardan keyin Pxenyan hukumati parvozlarni to‘xtatishga rozi bo‘ldi. Tabiiyki, buning evaziga Shimoliy Koreyaga bir qator iqtisodiy imtiyoz va moliyaviy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi. Biroq Musudan harbiy bazasidan ko‘tarilgan ballistik raketalar «qo‘ng‘irog‘i» parvoz borasidagi yetti yillik tanaffus yakunlangani va endi mutlaqo yangicha «dars»lar boshlanganini jahonga ma’lum qildi.
Xo‘sh, raketalar parvozi Shimoliy Koreya uchun qanday ahamiyatga ega? Koreya yarim orolidan ko‘tarilgan harbiy transport qo‘shni davlatlar Janubiy Koreya, Yaponiya yoki AQSh uchun qanday xavf-xatar uyg‘otadi?
Raketa tadqiqotlari Shimoliy Koreya siyosatining muhim tarkibiy qismlaridan biri. Buni Pxenyan hukumati deyarli 30 yildan buyon qit’alararo raketa yaratish borasida ilmiy izlanishlar olib borayotganidan ham bilish mumkin.
Gap shundaki, qit’alararo uzoq masofalarga uchuvchi ballistik raketalardan yadro kallaklarini ma’lum hudud, masalan, dushman davlatga yetkazish va nishonni portlatish maqsadida foydalanish mumkin. Shimoliy Koreya olimlarining bu boradagi harakatlari 1980-yillar boshida «Taepodong-1» deb nomlangan harbiy texnikani yaratish bilan yakunlandi. Ballistik raketalarning birinchi avlodiga mansub bo‘lgan «Taepodong-1» 1 tonnagacha bo‘lgan yadro vositasini 1-2 ming km. ga yetkazish imkoniga ega edi.

Shimoliy Koreya «iftixori»

Pxenyan hukumati Janubiy Koreya, Yaponiya, xususan, AQSh bilan kelishmovchilik va ixtiloflar yuzaga kelgandan keyin olimlarga harbiy texnika imkoniyatlarini yanada kuchaytirish talabini qo‘ydi. 1990-yillarga kelib, Kim Chen Ir hukumati «Taepodong-2» raketasi yaratilganini e’lon qildi. Ballistik raketaning so‘nggi avlodidan bo‘lgan «Taepodong-2» yadro kallagini, uning og‘irligi miqdoridan qat’i nazar, 6-7 ming km. masofaga yetkazish quvvatiga ega. Bu esa Shimoliy Koreyadan uchirilgan raketa bemalol AQShning Alyaskasi yoki Xitoyning Tayvaniga yetib boradi deganidir. Hozirgacha «Taepodong-2» mamlakat ilm-fanining eng so‘nggi yutug‘i o‘laroq, Shimoliy Koreya «iftixori» deya qadrlanadi.
Amerika mudofaa tashkilotlari mamlakatda raketa hujumidan himoya tizimi jangovar shay holatga keltirilganini bildirishsada, Shimoliy Koreya «Taepodong-2»ni uchirayotgani to‘g‘risidagi ovozalar hukumat doiralarida xavotir uyg‘otgani tabiiy. Chunki Koreya Xalq Demokratik Respublikasi «dohiy»si Kim Chen Ir 2002 yildayoq BMTning harbiy nozirlarini mamlakatidan haydab chiqargan va mamlakatda harbiy sohada olib borilayotgan tadqiqotlar hatto Markaziy razvedka boshqarmasiga ham to‘laligicha ma’lum emas. Xullas, yopiq va sir-sinoatlarga to‘la bo‘lib qolayotgan Shimoliy Koreyada qit’alararo parvozning amalga oshirilgani dunyoni ahlini yana bir bor yurak hovuchlashga majbur qildi.

Pxenyan qanday jazoga loyiq?

AQSh, Buyuk Britaniya va Yaponiya Pxenyanning bu o‘zboshimchaligini zudlik bilan jazolash istagida. Mazkur uch davlat BMTga Shimoliy Koreyaga iqtisodiy jazo choralarini qo‘llovchi rezolyutsiya loyihasini taqdim etgan.
Rossiya Kim Chen Ir hukumatining bu qilig‘idan xursand emas, biroq Kreml Shimoliy Koreyaga iqtisodiy sanktsiya joriy etilishini ham xohlamaydi.
Janubiy Koreya esa har qancha o‘zbilarmonlik qilgan bo‘lsada, Shimoliy Koreyaga iqtisodiy jazo chorasi qo‘llashga qarshi. Seul rasmiylari fikricha, jazo chorasining qo‘llanishi faqat oddiy koreys xalqiga jabr keltiradi, raketa sinovlarini amalga oshirganlar va unga buyruq berganlarga esa xalqaro sanktsiyalardan sezilarli zarar ham yetmaydi.
Kim Chen Ir davlatining yana bir qo‘shnisi Yaponiya tomoni raketa parvozlarini keskin norozilik bilan qabul qildi: Shimoliy Koreya bilan «Kunchiqar yurt»ni bog‘lovchi barcha yo‘llar yarim yilga yopib qo‘yildi. Boz ustiga, Tokio hukumati anchadan buyon AQSh bilan hamkorlikda raketa hujumidan mudofaa tizimini yaratish borasida olib borayotgan muzokaralarni tezlashtirishga kirishdi. Asli Yaponiya hukumati Ikkinchi jahon urushidan buyon qurollanishga ikkinchi darajali masala sifatida qarab kelayotgandi. Qo‘shni davlatdagi harbiy sinovlar militarizm (qurollanish) ga tish-tirnog‘i bilan qarshi mamlakatni ham o‘z siyosatini o‘zgartirishga majbur qildi…

«Dohiy» har doimgiday xotirjam

Jahon davlatlari tomonidan 1997 yilgi ocharchilik davrida 2 million kishining qirilib ketishi va yana bir qator jiddiy jinoyatlarda ayblanayotgan Pxenyan hukumati esa xotirjamlik bilan xalqaro doiralar munosabatini kuzatmoqda. Koreya Xalq Demokratik Respublikasining BMTdagi vakili so‘ziga ko‘ra, Pxenyan raketa parvozlarini to‘xtatish borasida AQSh bilan muzokara olib borishga tayyor. Buning uchun esa eng avval Oq uy tomonidan joriy etilgan iqtisodiy sanktsiyalar bekor etilishi zarur.
Vashington tomonining fikri ham keskin va murosasiz. AQSh Pxenyan raketalar parvozidan to‘la voz kechmagunga qadar u bilan muzokaralar olib bormaydi.
Shimoliy Koreya «dohiy»si Kim Chen Irning xotirjamligi shu darajadaki, butun dunyo raketa sinovlari va uning ortidagi tahdid ehtimolini xavotir bilan muhokama qilib turgan bir paytda «millat otasi» «muvaffaqiyatli parvoz» uchun uchuvchilarni qizg‘in muborakbod etdi. Xullas, Xalq Respublikasi rahbari odatiga sodiq holda, og‘ir vaziyatdan balandparvoz chaqirig‘u otashin xitoblar bilan chiqish yo‘lini tanladi.

Sobirjon YoQUBOV

P.S. Dunyoning yetakchi axborot agentliklaridan biri «Assoshiyeyted press»ga ko‘ra, Shimoliy Koreya yaqin kunlarda yana 3-4 ta uzoq radiusli raketa parvozini amalga oshirishga hozirlik ko‘ryapti. Kim Chen Ir ma’muriyatining bu boradagi so‘nggi xulosasi ham tayin: raketa sinovi o‘tkazish Shimoliy Koreyaning suveren va daxlsiz huquqi…