Turkiyaning 12 ming yillik tarixga ega ekani aytiladigan Shanliurfa shahri Islom hamkorlik tashkiloti 11-turizm vazirlari anjumanida 2023 yilning turizm shahri deb e’lon qilindi. 57 davlatni birlashtirgan nufuzli tuzilma bergan ushbu e’tirof doirasida shahar yil davomida bir qancha tadbirlarga mezbonlik qiladi. Jumladan, Xalqaro halol ko‘rgazmasi, Islom olami olimlari simpoziumi, Islom dunyosini birlashtirgan sayohat kitoblari simpoziumi, shuningdek, Jahon neolit kongressi bo‘lib o‘tadi. Turizm shahri maqomiga ko‘ra Shanliurfa bu yil ikki barobar ko‘proq mahalliy va chet ellik sayyohlarni jalb qilishi kutilmoqda.
Ochiq osmon ostidagi muzey deya ta’riflanadigan Shanliurfa Turkiya janubi-sharqida joylashgan bo‘lib, bebaho tarixiy, diniy va arxeologik boyliklarga ega. U turli din, madaniyat va tsivilizatsiyalar izlarini o‘zida mujassam etgan eng qadimgi shaharlardan biri sifatida diqqatni tortadi. YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Go‘beklitepe va neolit davriga oid Toshtepalar shu yerda joylashgan. Balikligo‘l (Baliqli ko‘l), Ayn Zeliha (Zelihaning ko‘zi), Harran gumbazli uylari, Halfeti kabi obida va osori atiqalar ham shu zaminda.
Arxeologlarning tamaddunlar va e’tiqodlar ibtidosiga doir qarashlarini o‘zgartirgan Go‘beklitepe qadamjosidagi “T” shaklidagi obelisklar neolit davri jamoalarining ijtimoiy tashkilotga ega bo‘lgani va e’tiqod uchun birlasha olganini ko‘rsatadi. 12 ta arxeologik ob’ektdan tashkil topgan Toshtepalarda davom etayotgan qazishmalar orqali qadimgi tarixning noma’lum savollariga javob topilmoqda.
Shanliurfa – muzeylar shahridir. Turkiyaning eng katta muzey majmuasi bo‘lgan Shanliurfa arxeologiya muzeyi dunyodagi eng katta neolit davri kollektsiyasiga ega. Axill va amazonlar hayotini aks ettiruvchi, ulkan Rim villasi mozaikasi joylashgan Haleplibahche mozaika muzeyi tashrif buyuruvchilarni zamonlar osha sayohatga yetaklaydi.
Balikligo‘l majmuasining paydo bo‘lishi Ibrohim alayhissalom, Ayn Zeliha qadamjosining paydo bo‘lishi esa shoh Namrudning qizi bilan bog‘lanadi.
“Sokin maskan” deb topilgan Halfeti suv ostida qolgan aholi punktlari, qoyaga o‘yilgan qal’alari, shuningdek, noyob qora atirguli bilan mehmonlarni rom etadi.
Shanliurfadagi gumbazli uylar, dunyodagi ilk universitetlardan biri (Harran madrasasi) va 744–750 yillarda qurilgan Onado‘lidagi qadimgi masjid ham ziyorat qilish lozim bo‘lgan maskanlar sirasiga kiradi.