Sergey Lavrov: “O‘zbekiston bilan strategik hamkorlik yanada kengayishi tarafdorimiz”

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabati davom etadi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 2017 yil 17 yanvar kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

“Ikki tomonlama ittifoqchilik aloqalarimiz xalqaro huquq darajasida mustahkamlangan. Biz O‘zbekistonning yangi Prezidenti va yangi rahbariyati shubhasiz aloqalarni vorisiylik asosida davom ettirish niyatida, deb hisoblaymiz. Biz buni qizg‘in qo‘llab-quvvatlaymiz”, – degan Rossiya tashqi siyosat mahkamasi boshlig‘i.

Shuningdek, S.Lavrov hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qo‘shimcha imkoniyatlar xalqlarimiz manfaatiga xizmat qilishini ta’kidlagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham avvalroq dunyo mamlakatlari, jumladan, Rossiya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari davom ettirilishini ma’lum qilgan edi.

“Tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi bu – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan aloqalarimizni mustahkamlashdan iborat. Birinchi navbatda, Rossiya Federatsiyasi bilan Strategik sheriklik, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar va boshqa muhim kelishuvlar asosida do‘stoni aloqalarni izchil rivojlantirish va kuchaytirish ikki mamlakat manfaatlariga javob beradi va mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi”, – deb ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqidagi.

Eslatib o‘tamiz, 1992 yil 20 martda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. O‘tgan chorak asr davomida strategik sheriklik va ittifoqchilik tamoyillariga asoslangan hamkorlik izchil rivojlanmoqda.

Aytish kerakki, ikki davlat hamkorliginng mustahkam huquqiy asosi yaratilgan. Jumladan, 1992 yil 30 mayda “Davlatlararo munosabatlarning asoslari, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida”, 2004 yil 16 iyunda “Strategik sherikchilik to‘g‘risida”, 2005 yil 14 noyabrda esa “Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida” shartnomalar imzolangan. Shuningdek, 2012 yil 4 iyunda imzolangan “Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida”gi deklaratsiya o‘zaro hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirdi.

Sobir Salim