Serbiyada yangi Konstitutsiya amalga kiritildi. Mamlakat asosiy qonuni loyihasi muhokamasi uchun o‘tkazilgan referendumda aholining yarmidan ko‘prog‘i yangi huquqiy hujjatni yoqlab ovoz berdi.
Mamlakat rahbariyati Asosiy qonunning yangi variantda ishlab chiqilishiga asosiy sabab Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘lganini ma’lum qilgan. Darhaqiqat, Konstitutsiya muqaddimasidayoq Serbiya davlatchiligi umumevropa qadriyatlariga asoslanishi e’tirof etilgan. Lekin vaziyatga teranroq nazar solganda, yangi Konstitutsiya qabul qilinishi Serbiyaning faqatgina «Evropa uyi»ga kirishi yo‘lidagi harakat emasligini sezish mumkin. Ushbu siyosiy voqea ortida Serbiya rahbariyatining o‘zi shundoq ham parcha-parcha bo‘lib ketgan mamlakatni hech bo‘lmasa hozirgi holatda saqlab qolish maqsadi ham turibdi…
Aslida Serbiya ma’muriy hududi ko‘p yillar davomida sotsialistik lagerning mashhur namoyandalaridan bo‘lgan Iosif Broz Tito rahbarlik qilgan Yugoslaviya Federativ respublikasining tarkibiy qismi bo‘lib kelganidan o‘quvchilar yaxshi xabardor bo‘lsalar kerak. O‘z davrida dohiylik da’vosida bo‘lgan Titoning vafotidan keyin yagona federativ respublika o‘n yilga yaqin muddat yashadi, xolos. Dunyo sotsialistik lagerining 1990-yillardagi inqirozi davrida Yugoslaviya tarkibidagi Sloveniya, Xorvatiya, Bosniya va Gertsegovina hamda Makedoniya mustaqil davlat sifatida ajralib chiqdi. Bir paytlar Bolqon yarim orolining asosiy qismini egallagan davlat tarkibida uning merosxo‘ri sifatida birgina Serbiya va Chernogoriya qoldi. Mazkur ikki hudud garchi 90 yilga yaqin bir davlat bo‘lib yashagan bo‘lsada, ularning ittifoqi uzoqqa bormasligi o‘sha paytlardayoq tahlilchilar tomonidan taxmin qilingan edi. Bu taxminlar ilk bor 2003 yili o‘z tasdig‘ini topdi. Yugoslaviya davlatining nomi rasman Serbiya va Chernogoriya ittifoqi deb o‘zgartirildi. Davlat nomining o‘zgarishi faqatgina rasmiyatchilik bo‘lmay, har ikki hudud bundan mustaqillikka erishishni ko‘zlayotgan edi.
Darhaqiqat, oradan 3 yil o‘tib, joriy yilning yozida Serbiya va Chernogoriya alohida mustaqil davlatlarga bo‘linib ketdi. Serbiya esa Yugoslaviya respublikasining xalqaro hamjamiyatdagi huquqiy vorisi bo‘lib qoldi.
Serbiya mustaqil davlat sifatida dunyo xaritasida paydo bo‘lganiga hali bir yil ham bo‘lgani yo‘q. Shu bois ham yosh mamlakat oldida bir qator jiddiy muammolar turibdi. Eng avvalo, iqtisodiy tizimni mustahkamlash, ishsizlik va pul qadrsizlanishi ko‘rsatkichini pasaytirish, qisqasi, mamlakatning «dol» bo‘lgan qaddini rostlash bosh vazir Voislav Koshtunitsa hal etishi zarur muammolar sirasiga kiradi. Serbiya rahbariyati diqqat-markazidagi yana bir asosiy masala mamlakatning hududiy yaxlitligini saqlash ekanini ham alohida aytish kerak. Respublika rahbariyatining yangi Konstitutsiya qabul qilishga nega jiddiy e’tibor qaratayotganini bir tomondan ayni shu jihat bilan izohlash mumkin.
Xabaringiz bor, mana o‘n yilga yaqin vaqt o‘tmoqdaki, Serbiya hududida joylashgan Kosovo mojarosi hal bo‘lmay kelmoqda. Serbiya haligacha o‘z tarkibida deb hisoblab kelayotgan, amalda esa xalqaro hamjamiyat tomonidan nazorat qilinayotgan hududda bundan olti-etti yil oldin dahshatli qirg‘inbarot urush bo‘lib o‘tgani, oxiri xalqaro tinchlikparvar kuchlar va NATO qo‘shini aralashuvidan keyingina qurolli ixtilof to‘xtatilgani ko‘pchilikning yodida.
Serbiyaning amaldagi hukumati rahbari Voislav Koshtunitsa – Kosovoga muxtoriyat darajasida erkinlik berish va uni yagona respublika tarkibida saqlab qolish tarafdori. Mamlakat bosh vazirining ayni shu istagi yangi Konstitutsiyada ham o‘z aksini topgan. Asosiy qonunning muqaddima qismida Kosovo Serbiya Respublikasi tarkibidagi ma’muriy birlik ekani alohida qayd etilgan.
Aslida Serbiya rahbariyatining yangi Konstitutsiya loyihasini qabul qilish uchun kuyib-pishib harakat qilishi, garchi mamlakat referundum o‘tkazish uchun tayyor bo‘lmasa ham, umumxalq ovoz berish tadbirining shoshilinch tashkillashtirilganini aynan Kosovoning Serb davlati tarkibida ekanini huquqiy asoslab olish yo‘lidagi urinish sifatida izohlash to‘g‘riroq bo‘lardi. Referendum natijalari Voislav Koshtunitsa hukumatining bosh maqsadiga muvofiq yakunlandi. Aholining 51,5 foizi asosiy qonunning yangi loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Endilikda Serbiya rahbariyati Yevropa Ittifoqi yoki BMT kabi xalqaro birlashmalarning Kosovo masalasida bildiradigan e’tirozlariga jo‘yali javob berishi mumkin. Ya’ni umumxalq ovoz berishida barcha aholi guruhi tomonidan bir ovozdan tasdiqlangan Konstitutsiyada Kosovoga egalikning saqlab qolingani Voislav Koshtunitsa hukumatining siyosiy g‘alabasidir.
Biroq Konstitutsiya kuchga kirishi bilan muammo hal bo‘ldi deyish to‘g‘ri emas. Agar gap birgina referendum o‘tkazishda bo‘lganida edi, Kosovo muammosi ham allaqachonlar o‘z yechimini topib ketardi.
Boshqa tomondan, Konstitutsiyani qabul qilish jarayonida Kosovo ozodligini talab qilayotgan alban aholi guruhining norozilik ifodasi sifatida ishtirok etmagani vaziyatni yanada chigallashtiradi. Ya’ni bu holat Serbiya rahbariyatining yangi asosiy qonunni xalq xohish-istagi ifodasi deyishiga to‘sqinlik qiladi.
Serbiya rahbariyati juda murakkab ahvolda, ta’bir joiz bo‘lsa, ikki o‘t orasida qolgan. Bir tomondan, mamlakatning hududiy yaxlitligini asrash va jiddiy «boshog‘riqlar» keltirib chiqargan Kosovoni imkon qadar mamlakat tarkibida saqlab qolish zarur.
Ikkinchi tomondan, sotsialistik lager mamlakatlari uchun katta orzu bo‘lib qolayotgan Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish talablarini ado etish kerak. Ittifoq esa Kosovo masalasini tez va soz hal qilish talabini ilgari surmoqda.
Bu yog‘ini surishtirsangiz, Serbiya Yevropa Ittifoqi bilan ziddiyatga borgan boshqa jihatlar ham bor. Ulardan asosiysi, Yugoslaviyaning sobiq rahbarlari masalasi. Yevropa Ittifoqi ko‘pdan buyon Serbiya rahbariyatini yuzlab insonlar hayotiga zomin bo‘lgan Ratko Mladich, Radovan Karajich kabi harbiy jinoyatchilarni o‘z hududida yashirishda ayblab kelmoqda. Rasmiy Belgrad esa harbiy jinoyatchilar Serbiyada emasligini takrorlashdan charchamaydi.
Yangi Konstitutsiyaning amalga kiritilgani bir tomondan mustaqil respublikaning huquqiy asosini bunyod etish yo‘lidagi ijobiy qadam bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bu mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlariga salbiy ta’sir etishi mumkin.
Hozirgi holatda Serbiya uchun nima muhim: Yevropa Ittifoqi bilan ixtilofga borib bo‘lsada, Kosovoni qo‘ldan chiqarmaslikmi? Yoki mamlakatning azaliy orzusi «Evropa uyi»ga kirishni tezlashtirishmi? Ayni paytda Voislav Koshtunitsa rahbarligidagi hukumat oldida bu boradagi «oltin o‘rtaliq»ni topish masalasi ko‘ndalang turibdi.
Sobirjon Yoqubov,
«Hurriyat» gazetasidan olindi