O‘zbek romani asoschisi, buyuk adib Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi munosabati bilan Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida Tadqiqotlar va ma’rifiy aloqalar markazida “O‘zbek romani. Adib Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodi” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi akademik direktori, Podsho Saud universiteti professori Murtazo Saydumarov ma’ruza qildi. Ushbu tadbirni markazning Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz bo‘limi mudiri doktor Aid ibn Muxammad Ol Rubayyi’ olib bordi.
Mazkur ilmiy-amaliy seminarda O‘zbekiston Respublikasining Saudiya Arabistonidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ulug‘bek Maqsudov ishtirok etdi.
Seminar boshilanishida adib Abdulla Qodiriy (1894-1938) haqida “Qodiriy bog‘i” nomli hujjatli film arab tilidagi subtitrlar bilan namoyish etildi. So‘ng Murtazo Saydumarov Qodiriyning hayoti – ta’lim olishi, yozuvchilik faoliyatining boshlanishi va adib sifatida shakllanishi, uning ijodiy faoliyati, eng muhim romanlari va fojiali vafoti haqida so‘zlab berdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining Saudiya Arabistonidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ulug‘bek Maqsudov so‘zga chiqib, Abdulla Qodiriyning o‘zbek xalqi qalbida tutgan o‘rni va ahamiyati, uning O‘zbekiston xalqining ramzi ekanligi haqida, uning nomi bilan O‘zbekistonda oliy o‘quv yurti, bir qator ko‘chalar, mahallalar va parklar atalgani, Qodiriy nomidagi davlat mukofoti, talabalar uchun stipendiyalar ta’sis etilgani haqida so‘zladi hamda Tadqiqotlar va ma’rifiy aloqalar markaziga bu buyuk o‘zbek ramziga bag‘ishlab ushbu tadbirni tashqil etgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
So‘ng yig‘ilish ishtirokchilari va ma’ruzachi o‘rtasida adibning hayoti va ijodi, o‘zbek va saudiya adabiyotidan o‘zaro tarjimalarning ahamiyati haqida qizg‘in suhbat bo‘lib o‘tdi.
Seminardan so‘ng markaz tomonidan O‘zbekiston Elchixonasidan tashrif buyurgan mehmonlar, seminar qatnashchilari, ziyolilar va tadqiqotchilar sharafiga ziyofat berildi.