27 sentyabr kuni Saudiya Arabistoni podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi. Martabali mehmonlarni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va bir guruh mutasaddilar kutib oldi. Martabali mehmon bilan xalqaro aeroportning kutish zalida qisqa muddatli suhbat bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni podshohligi o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini takomillashtirish, ayniqsa, diniy-ma’rifiy, ilmiy-tadqiqot, turizm, transport sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Shuningdek, haj va umra safariga boruvchi ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, mamlakatdagi ilmiy markazlar bilan yaqin hamkorlikni o‘rnatish kabi muhim masalalarni ko‘rib chiqish ham ko‘zda tutilgan.
Saudiya Arabistoni delegatsiyasi vakillari tashrif davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, manfaatdor vazirlik va idoralar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.