Joriy yil 3-7 iyul kunlari Toshkent “O‘zbekiston – Turkiya: Salomatlik haftaligi”ga mezbonlik qildi. Mazkur tadbir Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) ko‘magida ikki mamlakatning sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan tashkil etildi.
Turkiyadan kelgan 19 nafar yuqori malakali shifokor anesteziologiya va reanimatologiya, bolalar kardiovaskulyar jarrohligi, urologiya, ginekologiya, ortopediya, umumiy jarrohlik va bolalar jarrohligi kabi yo‘nalishlarda operatsiya va muolajalarda qatnashdi.
Salomatlik haftaligi doirasida o‘zbekistonlik va turkiyalik shifokorlar o‘zaro tajriba almashdilar va og‘ir jarrohlik amaliyotlarida kamdan-kam qo‘llaniladigan uslub va texnikalar vositasida muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyotlarni amalga oshirishdi. Xususan, laparoskopik uslubda amalga oshirilgan jarrohlik amaliyotlari videokonferentsiya vositasida bir necha o‘nlab o‘zbekistonlik shifokorlarga namoyish etildi.
– Salomatlik haftaligi davomida 184 bemorga maslahatlar berildi, 80 bemor esa bepul operatsiya qilindi. Bu kabi hamkorlikdagi tadbirlar turk va o‘zbek shifokorlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlab qolmasdan to‘plangan tajribalarni o‘zaro o‘rtoqlashish uchun ham qulay imkoniyat yaratadi, – deydi Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligining Xalqaro aloqalar va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik boshqarmasi vakili Selami Qilich.
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinkasi, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy markazi, Chirchiq shahridagi Perinatal markazi, Yangiyo‘l va Olmaliq shaharlaridagi tug‘ruq majmualari, Urganch shahridagi Onkologiya dispanseri va Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazining Urganch bo‘limidagi shifoxonalarda o‘zbekistonlik shifokorlar bilan hamkorlikda bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatildi, salkam 8 soat davom etgan og‘ir operatsiyalar amalga oshirildi.
Ma’lum qilinishicha, shifokorlarga murojaat qilgan 6 nafar bemor bolaning Turkiyada bepul operatsiya qilinishi va davolanishi bo‘yicha kelishib olindi.
Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari Toshkentda faoliyat ko‘rsatayotgan Gemotologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi Suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi markaziga zarur dori-darmonlarni taqdim etdi.
Turkiyalik shifokorlar Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen bilan
Salomatlik haftaligi mamlakatimizda to‘rtinchi marotaba o‘tkazilmoqda. Bundan oldingi haftaliklar mamlakatimizning boshqa hududlarida tashkil etilgan, shunday loyihaning so‘nggisi o‘tgan yilning oktyabr oyida Farg‘ona ko‘p tarmoqli bolalar markazida o‘tkazilgan edi. O‘shanda turkiyalik malakali shifokorlar kichik yoshli bemorlarni tekshirgan hamda noyob jarrohlik operatsiyalarini o‘tkazgan edi.
2009 yildan buyon TİKA ko‘magida tashkil etilayotgan an’anaviy xayriya tadbirlarida hozirga qadar 2081 nafar bemor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 719 nafar bola operatsiya qilingan.
Turkiya Bosh vaziri devoni huzuridagi Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi 1992 yilda tashkil etilgan. TİKA Turkiyaning xalqaro maydondagi o‘ziga xos timsoli sifatida dunyo hamjamiyati hurmatini qozongan.
TİKAning Toshkentdagi vakolatxonasi O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida 1994 yil 20 mayda ochilgan. Vakolatxona iqtisodiy, texnikaviy, ijtimoiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyiha va dasturlarga ko‘mak berib kelmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, TİKA o‘tgan salkam chorak asr mobaynida O‘zbekistonda 700ga yaqin loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirdi.