Tog‘li Qorabog‘ Qurolli kuchlari asosan xorijlik yollanma askarlardan iborat. Bu haqda rossiyalik taniqli siyosatshunos va tarixchi olim, Janubiy Kavkaz mintaqasiga oid talay kitoblar muallifi Oleg Kuznetsov Rossiyaning “MIRAJ” axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilgan. Olim tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi Qurolli kuchlarini “noqonuniy qurolli guruh” deb atagan.
“Rasmiy raqamlarga ko‘ra, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi armiyasi 18 ming kishidan iborat. Lekin so‘nggi – 2012 yilgi prezidentlik saylovida 40 ming nafardan kam bo‘lmagan odam qatnashdi va buni xalqaro, jumladan, Rossiyadan borgan kuzatuvchilar tasdiqladi. Demak, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasida bir harbiy xizmatchiga bor-yo‘g‘i bir yarim ming kishi to‘g‘ri keladi. Bunday bo‘lishi amrimahol. Bundan shunday qat’iy xulosa qilish mumkinki, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi qurolli kuchlari safida xorijiy yollanma harbiylar, xususan, Armanistondagi va boshqa davlatlardagi armani millatiga mansub kishilar mavjud”, – deydi tarix fanlari nomzodi O.Kuznetsov.
Qayd etilishicha, Armanistonda yollanma harbiylar “erkrap”, ya’ni ko‘ngilli deb ataladi. Tog‘li Qorabog‘da jang qilgan harbiylarni birlashtiruchi Yerkrap ko‘ngillilar ittifoqi ham mavjud. Olimga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy amaliyotlarda aynan ushbu ko‘ngillilarning xizmati katta.
“Joriy yil 2-5 aprel kuni ziddiyat kuchayganidan keyin Armaniston mudofaa vazirligi o‘z saytida halok bo‘lganlar ro‘yxati va ularning dafn etilgan joyi haqida ma’lumot e’lon qildi. Ushbu ro‘yxatda Tog‘li Qorabog‘da yashovchi birorta odam yo‘q. Armaniston mudofaa vazirligi halok bo‘lgan deya rasman tan olgan 57 kishining barchasi armanistonlik. Armaniston Tog‘li Qorabog‘ni tan olmas ekan, u holda haqli savol tug‘iladi: Armaniston fuqarolari tan olinmagan hududdagi noqonuniy qurolli tuzilma tarkibida nima qilib yuribdi?” – deya savol qo‘yadi siyosatshunos olim.
Tarixchi olim Armanistonning mintaqadagi “bosqinchilik siyosati” nafaqat Ozarbayjon, balki Rossiya hamda Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga ham qarshi qaratilgan deb hisoblaydi.
“Arman-ozarbayjon frontida har kuni otishmalar yuz beradi, har ikki tomon merganlari tunu kun sergak… Ushbu holatda rasman arman harbiy xizmatchisi sanalmagan yerkrap – ko‘ngillilar halok bo‘ladi va shu bois ham rasmiy Boku Yerevanga ular yuzasidan rasman e’tiroz bildira olmaydi”, – deydi olim O.Kuznetsov.
1988 yili Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon tarkibidan chiqish haqida bayonot bergach, bir necha yil davomida harbiy to‘qnashuvlar davom etgan. 1994 yil may oyida tomonlar o‘t ochishni to‘xtash borasida kelishuvga erishgan.
Rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.
Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi va har ikki tomon bir-birini bitim shartlarini buzishda ayblab keladi.
Tahlilchilar tinchlik bitimi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.