10 fevral kuni Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasida Diplomatik xodimlar kuni munosabati bilan tantanali qabul marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari S.Niyozxo‘jayev, Oliy Majlis Senati Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi S.Safoyev, shuningdek, xorijiy davlat diplomatik korpuslari rahbarlari qatnashdi.
Tantanada so‘zlagan Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev Moskva ziddiyatlarga yo‘l qo‘ymagan holda, milliy manfaatlarni himoya qilish siyosatini yuritayotganini qayd etdi.
Elchiga ko‘ra, dunyoda beqarorlik hukm surayotgan, terror tahdidi kuchaygan va ziddiyatlar avj olgan bir pallada diplomatik faoliyatning ahamiyati oshib borayotir.
“Shu munosabat bilan ayni kunlarda tavalludining 575 yilligi keng nishonlanayotgan buyuk shoir va peshqadam mutafakkir Alisher Navoiyning baytini keltirmoqchiman. Ushbu misralar ko‘p asr avval aytilgan bo‘lsa-da, hali ham umrboqiydir: “Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘, / Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish”, – dedi Rossiya elchisi o‘z chiqishida.
Qayd etilishicha, Rossiya tashqi siyosatda ochiqlik, pragmatik yondashuvni yoqlaydi, ziddiyatlarga bormaslikni afzal biladi. 2015 yil yakunida yangi tahrirda qabul qilingan Milliy xavfsizlik strategiyasida ham ayni shu jihat nazarda tutilgan.
Diplomatning ta’kidlashicha, XXI asrda davlatlararo hamkorlik xalqaro huquqqa tayangan holda, BMTning muvofiqlashtiruvi asosida, o‘zaro manfaat va hurmat ruhida olib borilishi kerak. Bu jihatdan, Rossiya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi strategik hamkori va ittifoqchisi deb biladi.
“Chin ma’noda do‘stlik va o‘zaro hurmatga asoslangan Rossiya–O‘zbekiston aloqalari izchil rivojlanib bormoqda va katta salohiyatga ega. Konstruktiv siyosiy muloqot asnosida biz iqtisodiy aloqalarni kuchaytiramiz, gumanitar muosabatlar sarhadini kengaytiramiz, madaniy robitalarni yangi bosqichga olib chiqamiz. Biz yuzaga kelayotgan ziddiyatlarni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan muvofiqlashtirishning ustuvorligi borasida hamfikrmiz, milliy, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish lozim deb hisoblaymiz”, – dedi elchi V.Tyurdenev.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning 2002 yil 31 oktyabrdagi farmoniga ko‘ra, 10 fevral sanasi Diplomatik xodimlar kuni sifatida bayram qilinadi.
Cobir Salim