Rishtonlik ma’rifatparvar, asl kasbi tadbirkor bo‘lgan Dilshod Boltaboyev tashabbusi bilan tuman bozorida xalq kutubxonasi tashkil etildi. Dilshod Boltaboyev ijtimoiy tarmoqlarda bozor hududida kutubxona tashkil etish maqsadi borligini, buning uchun unga bosma kitoblar yuborish mumkinligini e’lon qilgandi.
Bugun o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 28-yilligi munosabati bilan Rishton shahri markazidagi dehqon bozori hududida 300 dan ortiq kitobni jamlagan “Roshidoniy” nomidagi xalq kutubxonasi ochildi. Katta kitob javonini Dilshod Boltaboyev o‘z hisobidan yasattirdi.
“Bunchalik ko‘p kitob yig‘iladi deb o‘ylamagandim. Javonimizga ba’zi kitoblar sig‘may ham qoldi. Kutubxona uchun kitoblarni yig‘ishda Zohidjon va Ibrohimjon akalar katta yordam berdilar. Xurshid Davron, Isajon Sulton, Botir Ergashev, Xayrulla Hamidov, Bahriddin Asror kabi mualliflar o‘z kitoblarini yuborishganidan quvondim. Kitob jo‘natgan barcha ma’rifatparvar do‘stlarimga, aka-uka, opa-singillarga katta rahmat demoqchiman” deydi Dilshod Boltaboyev.
Kutubxonada kitoblar, gazeta va jurnallar o‘rin olgan. Bu yerda “Tafsiri Hilol”, “Al-Azkor”, “Riyozus solihiyn” kabi ma’rifiy kitoblardan tortib, Alisher Navoiy, Fyodor Dostoyevskiy, Aleksandr Dyuma, Chingiz Aytmatov, Abdulla Qahhor, O‘tkir Hoshimov, Abdulla Oripov asarlarigacha mavjud.
Kutubxonadan foydalanish bepul. Istalgan kishi kitobni olib, foydalanishi mumkin. “Bugunning o‘zidayoq bir necha kishi kelib, kitoblardan olib ketdilar. Shu yerga kelib ham o‘qishyapti”, deydi Dilshod Boltaboyev.
“Roshidoniy” xalq kutubxonasiga hissa qo‘shmoqchi bo‘lsangiz, quyidagi manzilga murojaat qiling: Farg‘ona viloyati, Rishton tumani, Miskin MFY, Ehtirom ko‘chasi, 23-uy. Indeks: 150300. Dilshod Boltaboyevga. Telefon (Telegram): +998905603300.