Rajab Toyyib Erdo‘g‘on: “Mamlakatlarimiz o‘rtasida masofa uzoq, ammo qalblarimiz yaqin”

Turkiya yetakchisi O‘zbekiston zaminida kamolga yetgan ulug‘ allomalarga hurmat izhor etdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 30 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati a’zolariga murojaat qildi.

O‘z nutqini atoqli o‘zbek shoiri Erkin Vohidovning “O‘zbegim” she’ridan parcha bilan boshlagan Turkiya rahbari O‘zbekiston zaminida o‘zini xuddi uydagidek his etayotganini ta’kidladi.

Tamaddun beshigi bo‘lgan bu zamin Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi jahon ilm-fani ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarni, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi ma’naviy rahnamolarni tarbiyaladi, deya ta’kidladi yuqori martabali mehmon.

“Bu zotlar garchi boqiy dunyoga rixlat etgan bo‘lsalar-da, ular meros qoldirgan ma’rifat mash’alasi nafaqat O‘zbekiston, balki Onado‘lini ham yoritmoqda”, – dedi Turkiya rahbari.

Qayd etilishicha, Toshkent bilan Anqara, Samarqand bilan Ko‘nya, Buxoro bilan Bursa, Xiva bilan Edirne asrlar mobaynida hamfikr, hamnafas yashamoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida jug‘rofiy masofa uzoqroq bo‘lishi mumkin, ammo qalblarimiz yaqin. Qalbi yaqin millatlar uchun esa masofaning ahamiyati yo‘q, deb ta’kidladi notiq.

Turkiya rahbariga ko‘ra, qardoshlik eng qimmatli xazinadir. Shu bois Turkiya 1991 yilda qardosh o‘zbek xalqining mustaqillikka erishganini birinchilardan bo‘lib tan oldi.

Ayni choqda, Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘tgan asrning 20-yillarida Turkiya mustaqilligi uchun kechgan omonsiz kurashlarda turkistonlik vatanparvarlar ham qahramonlarcha jang qilib, qardoshlik va do‘stlik namunasi ko‘rsatganini yuksak hurmat ila qayd etdi. “Biz ularni hech qachon unutmaymiz”, dedi u.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning ta’kidlashicha, 2017 yil oktyabrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga  tashrifi chog‘i mamlakatlar o‘rtasida strategik hamkorlik o‘rnatilgan edi. Turkiya Prezidentining galdagi tashrifi esa savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, ishlab chiqarish quvvati, infrastruktura, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha hamkorlikni yanada jonlantirishga xizmat qilmoqda.

Turkiya yetakchisi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berib, chora-tadbirlar hozirdanoq o‘z mevasini berayotganini ta’kidladi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on parlament a’zolariga murojaatida dunyoning turli mintaqalarida notinchlik hukm surayotgan bugungi davrda Turkiya va O‘zbekiston qo‘lni qo‘lga berib, yelkama-elka turib taraqqiyot, barqarorlik yo‘lida hamkorlik qilishi muhimligiga urg‘u berdi.

Turkiya yetakchisi O‘zbekiston parlamentidagi tarixiy chiqishini adabiyotimizning zabardast vakili, shoir va adib Cho‘lponning “To‘fon” deb nomlangan she’ridan o‘zbek tilida parcha o‘qish bilan yakunladi.

Turkiya Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida iqtisodiyot, savdo-sotiq, transport-logistika, sanoat, energetika, ilm-fan, ta’lim, turizm va boshqa sohalarga doir 24 ta hujjat imzolandi.

Bundan tashqari, Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Turkiya biznes-forumida 50 dan ortiq yangi investitsiyaviy loyihalar bo‘yicha umumiy qiymati 3 milliard dollarga teng bitimlar imzolandi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan Qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda ikki davlat rahbari muzokaralar o‘zaro anglashuv va hurmat ruhida o‘tgani, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi uzoq istiqbolli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Turkiya O‘zbekistonning muhim savdo sheriklaridan biridir. 2017 yilda davlatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga ortib, 1,5 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda mamlakatimizda Turkiya kapitali ishtirokidagi 550 dan ziyod firma va kompaniya faoliyat yuritmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Rajab Toyyib Erdo‘g‘on O‘zbekistonga 2016 yilda ham tashrif buyurgan edi.

S.Salim