O‘zbekiston hamda Turkiya hamkorligi tarixida yangi sahifa ochilmoqda va ikki qardosh mamlakat do‘stligi yanada mustahkamlanmoqda. Joriy yil 17-18 noyabr kunlari Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi ana shunday qat’iy xulosaga undamoqda.
Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 13 yillik tanaffusdan keyin ikkinchi bor O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Muzokaralar avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Samarqanddagi Hazrati Hizr majmuiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. So‘ng Samarqanddagi Forumlar majmuasida ikki davlat yetakchisi o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi.
Muzokara asnosida O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Turkiyaga muhim va uzoq muddatli hamkori sifatida qarashini, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, hamkorlikni o‘zaro ishonch tamoyillari asosida rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi.
“O‘zbek va turk xalqlari din, til, tarix va madaniy jihatdan bir-biriga juda yaqin. Turkiya bugun ulkan imkoniyatlarga ega va dunyo miqyosida e’tibor qozongan davlat sanaladi. Siz siyosat va hayotda katta tajribaga ega rahbarsiz. Turkiya sizning boshqaruvingizda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. 2023 yilda Turkiyani dunyoning rivojlangan davlatlari o‘ntaligiga kiritish dasturingiz hurmatga loyiq, albatta”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘z navbatida, Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Turkiya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi ustuvor sherik deb bilishini ta’kidladi. Turkiya Prezidenti, shuningdek, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbari sifatidagi ilk tashrifini Turkiyaga amalga oshirishidan mamnun bo‘lishini aytib o‘tdi.
So‘nggi paytlarda O‘zbekiston va Turkiya hamkorligi mavjud imkoniyatlarga mos emasligi, bu borada foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘pligi aytib kelinayotgan edi. Davlat rahbarlarining qariyb uch soat davom etgan muzokarasida ham mazkur jihat bot-bot qayd etildi.
Joriy yil oktyabrda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘lining Toshkentga tashrifi vaqtida ikki tomon o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishi yuzasidan muhokamalar o‘tkazilgan edi. Turkiya Prezidenti mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston tomoni takliflarini kutib qolishini ma’lum qildi.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari ham e’tibordan chetda qolmadi. 2015 yil yakunida o‘zaro savdo hajmi 1,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Ikki davlat rahbariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkichni yaqin yillarda 2-3 marta oshirish uchun imkoniyatlar yetarli.
Shu maqsadda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha majmualar barpo etish, to‘qimachilik va terini qayta ishlash sanoatida zamonaviy qo‘shma korxonalar yaratish, farmatsevtika sohasida hamkorlikka oid yangi loyihalar tuzish va amalga oshirish imkoniyatlari muhokama etildi.
Ayni vaqtda yurtimizda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. To‘qimachilik, qurilish, mehmonxona biznesi, farmatsevtika va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan turk shirkatlarida 50 mingga yaqin ishchi o‘rni yaratilgan. Mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilingan Turkiya sarmoyasi hajmi 1 milliard dollardan oshadi.
Turkiya Prezidentining ushbu tashrifi savdo-iqtisodiy aloqalarni bundan-da kengaytirishga umid uyg‘otmoqda.
O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari muzokaralari yakunida kelasi yil boshida Toshkentda Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisini o‘tkazish, uning doirasida O‘zbekiston – Turkiya sarmoyaviy forumini tashkil qilishga kelishib olindi.
Shu kuni Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Samarqanddagi Imom Buxoriy va Imom Moturidiy yodgorlik majmualari, Amir Temur maqbarasini ziyorat qildi, Registon maydonini ko‘zdan kechirdi. Turkiya rahbari juma namozini Imom Buxoriy yodgorlik majmuasidagi masjidda ado etdi.
Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tashrif arafasida – joriy yil 16 noyabr kuni Anqarada o‘tkazgan matbuot anjumanida Turkiyaning O‘zbekiston bilan aloqalarida yangi sahifa ochish istagida ekanini bildirgan edi.
“O‘zbekiston bilan aloqalarimizni ikki qardosh o‘lkaga yarashadigan bir saviyaga chiqarishni istaymiz. Bu jihatdan o‘zbek qardoshlarimizda ham kuchli bir iroda va qat’iyat borligini ko‘ryapmiz”, – degan edi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.
Turkiya rahbarining Samarqanddagi muzokaralari chindan ham ikki davlat aloqalarida yangi sahifa ochilayotganidan dalolat beradi.
Mazkur tashrif davomida Turkiya Prezidentiga mamlakat bosh vaziri o‘rinbosarlari Veysi Kaynak hamda Tug‘rul Turkesh, Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshlig‘i Xulusi Akar, Oila va ijtimoiy siyosat masalalari vaziri Fotima Betyul Sayan Kaya, Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li, Energetika va tabiiy resurslari vaziri Berat Albayrak, Iqtisodiyot vaziri Nihat Zeybekchi va boshqa rasmiylar hamrohlik qildi.
Ta’kidlash joizki, Turkiyaning O‘zbekiston bilan aloqalari yaxshilanishi nafaqat ikki mamlakat yoki mintaqa, balki butun dunyodagi kuchlar muvozanatiga o‘z ta’siri ko‘rsatadi. Negaki, Turkiya ham, O‘zbekiston ham strategik ahamiyatga ega, madaniyatlar va manfaatlar kesishgan chorrahada joylashgan.
Ikki qardosh turkiy mamlakatning o‘zaro hamkorlikni jonlantirishi zamon va vaziyat taqozosidir. Turkiyalik olim, professor Mehmet Sayfiddin Erol ham ana shunday fikrda.
“Dunyo yangi davrga qadam qo‘yayotgan bir pallada Turkiya va O‘zbekiston aloqalari ham yangi bosqichga chiqishi lozim edi. Umid qilamizki, Istanbul, Toshkent, Buxoro va Samarqandning tarixiy shuhrati tiklanib, ular mintaqa tinchligi, barqarorligi va osoyishtaligida yana hal qiluvchi o‘rin tutadi”, – deydi professor Mehmet Sayfiddin Erol.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini dunyoda birinchi bo‘lib 1991 yil 16 dekabrda tan olgan. 1992 yil 4 martda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan. Hamkorlikni rivojlantirish maqsadida o‘zaro 90 dan oshiq hujjat, jumladan, Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan.
Sobir Salim
Shu mavzudagi maqola:
Ahmet Dovuto‘g‘li: “Oqsaroyda oq sahifa ochildi”. 10.07.2014